Yoddan chiqmas 1-Avgust
Bugun birinchi Avgust va bu sana bundan 10 yillar avval universitet talabasi bo'lganlar xotirasida hech qachon esdan chiqmaydigan kun sifatida qolishi aniq.
Hozirgi abituriyentlar uchun o'sha davr qiyinchiliklari yo'q. Keling ularni birma-bir aytib o'tamiz:
1. Imtihon savollari 3ta fan, har bir fan 36ta savoldan iborat bo'lib, jami 108 dona savolga javob berilar edi.
Fanlar kesimida
3.1
2.1
1.1 qilib bal berilar edi;
2. Imtihon kuni universitetlar atrofidagi ko'chalar berkilar, taksilar esa bir necha barobarga qimmat bo'lib ketar edi;
3. Imtihon binosiga kirib-chiqish ham o'ziga yarasha azob edi. Kuchli bosim va charchoq bilan test xonasiga kirilar edi;
4. X variant, bunker va yana allambalolar ota-onalarning sariq chaqasigacha yulib olar edi;
5. Test ishlab bo'lgandan so'ng 15-20 kun oralig'ida mandat, ya'ni test javoblari kutilar edi, mandat kuni kim uchun aza, kim uchun to'y bo'lar edi.
Esimda 2010-yili grant asosida talaba bo'lganimda otam rahmatli ehson tadbiri qilgandi. Uyimizda bayram bo'lgan. "O'g'lim, senga rahmat, oilamiz uchun juda katta moliyaviy yordam qilding" degan edi;
6. Faqat 1 dona universitet tanlash imkoni bor edi. Yiqildingmi, tamom! Yana bir yil kutasan. Senda boshqa tanlov yo'q. Hozirgilar esa bir necha universitetni tanlaydi, davlatnikiga kirmasa, xususiylar kofe damlab kutib turibdi;
7. O'sha vaqtlarda 3ta fan bo‘yicha test savollari yodlab chiqilar, akademik aqli va tahlil qobiliyati borlardan ko'ra, yodlash qobiliyati kuchli abituriyentlar yutib ketar edi.
Abituriyentlar orasida "yo zaring, yo zo'ring bo'lsa o'qishga kirasan" degan gap yurar edi.
Hozir esa abituriyentlarga, ayniqsa ilmli, tirishqoq abituriyentlarga zo'r imkoniyatlar eshigi lang ochiq.
@exams_hub