Hech kimning puli yoʻq ekan!
Eng soʻlim bogʻlarning guli yoʻq ekan
Eng katta shaharlar yoʻli yoʻq ekan
Boshimga ish tushib angladim ona
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan
Darmonlar topilmas dardim oʻrasam
Muhabbat yoʻq ekan qalbim oʻrasam
Ilojim yetmasdan qarz soʻrasam
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan
Yoʻqchilik boshimni egib qoʻyganda
Jafolar jonimga tegib qoʻyganda
Eng yaqin tanishlar qovoq uyganda
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan
Doʻstlarim doʻst ekan olma terishga
Davrimiz kelganda koʻkrak kerishga
Bugun ish tushganda, menga berishga
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan
Aytinglar men kimga yomonlik qildim
Kimlarning bagʻrini tirnadim, tildim
Eng ogʻir kunimda bir shuni bildim
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan
Dunyosi dunyodan ortib yursa ham
Tillosin tuyada tortib yursa ham
Yonimda jinnini yoqib tursa ham
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan
Qiynalib qolibdi boy boy toʻralar
Men eshik qoqqanda zimdan moʻralar
Kimligin koʻrsatdi yaqin joʻralar
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan
Men axir noiloj soʻragan edim
Soʻragan kunimda pushaymon yedim
Hayratdan jimgina qoyillar dedim
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan
Maylida har kimning chopgani yana
Oʻziga buyursin topgani yana
Yoʻqchilik kunlarda tushundim ona
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan
Jigar deb jigarni urganlar aytdi
Tillodan saroylar qurganlar aytdi
Hamyoni qappayib turganlar aytdi
Dunyoda hech kimning puli yoʻq ekan.
+998906783795
+998996683795.
(Mualliflik huquqi bilan himoyalangan)
Farhod Moʻmin. 22.07.2026 yil.
1
1August 27, 2026 123