O‘yin vaqtida Bektosh aka kanallarini kuzatib turgan edim. Farzandlari bilan stadionga borganlari, birga muxlislik qilganlari, va albatta birinchi to‘pni o‘tkazib yuborganimizda Isfandiyor xafa bo‘lib ko‘ziga yosh olgani.
Ota sifatida farzandini yupatish, ko‘nglini olish yo‘lida qilingan harakat - juda kuchli tuyg‘u.
Begona yurtda, qarshi jamoa muxlislari orasida bo‘lish vaziyatni yanada qiyinlashtiradi. Shunday bo‘lsa ham Kolumbia muxlislariga "O‘zbekiston" deb baqirtirib, qo‘llab-quvvatlash orqali farzandining ko‘nglini olish, juda katta mahorat.
Natijasini esa, bugun ko‘rib rosa xursand bo‘ldim. Bugun Isfandiyor O‘zbekistonni dunyo futbol muxlislari orasida tanilishiga juda katta hissa qo‘shdi. Uni jahon yulduzlari tan oldi. Ota-onasiga hozirdan xursandchilik olib keldi.
Ammo...
O‘yin tugagach, juda ko‘p Telegram kanallarida Isfandiyor videosini ko‘rib, xafa bo‘ldim. Taniqli odamlar ham videoni o‘zining kanalida qo‘ygan. Kuzatuvchilari uchun qiziq "kontent" qilib foydalangan.
Nega manbasini ko‘rsatmagan - degan savol keldi?
Hech bir kanal admini videoning muallifi kim ekanini ko‘rsatib o‘tmagan. Bu bizda mualliflik huquqi yaxshi ishlamaydi deganimi? Yoki odamlarimiz mualliflik huquqi borligini bilmasmikan?
Bilmaydigan adminlar, balki adminlikni yig‘ishtirib qo‘yishi kerakdir?
Yaxshi ham-ki, bu voqea bizning kanallarimizga bog‘liq bo‘lmagan holda, ijobiy tomonga yuzlandi.
Lekin, biz birovning haqqini biladigan millatmiz, foydalanilgan ma’lumotlarning manbasini ko‘rsatib ish yuritaylik. Hozir topadigan "Ko‘rishlar" soni ertaga javobgarlikka aylanib qolmasin.
Bektosh aka, Isfandiyor sizlarga katta rahmat! Safaringiz maroqli va bexatar o‘tsin.
19.06.2026 London
@DrAlgorithm
