Overengineering — Katta muammolarga kichik yechim, kichik muammolarga katta yechim
Dasturchilar loyiha boshlaganda yoki kod yozishda mukammallikni maqsad qilishadi. Har bir funksiya maksimal darajada reusable(qayta ishlatib bo’ladigan) bo‘lishi kerak, har bir mikroservis mustaqil ishlashi kerak, har bir metod kengaytiriladigan bo‘lishi kerak... Va oxir-oqibat, oddiy muammoni hal qilish uchun murakkab, boshqarish qiyin va ortiqcha resurs talab qiladigan arxitektura paydo bo‘ladi.
Bu – Overengineering (ortiqcha muhandislik).
Nega Overengineering muammo?
1️⃣ Tuzilishi qiyin va vaqtni oladi
Tanishlaringizdan biri mehmonlar uchun oddiy choy tayyorlashi kerak. Unga bitta choynak va gaz plitasi yetarli. Lekin u "choy eng optimal haroratda damlansin" deb, termometr, suv filtri, avtomatik choy damlovchi apparat, maxsus vaqt o‘lchagich va qayerdandir IoT bilan boshqariladigan elektr choynak olib keladi. Mehmonlar esa choy kelguncha allaqachon uyiga ketib qolishadi.
Dasturiy ta’minotda ham shunday: oddiy CRUD API uchun event-driven arxitektura, mikroservislar va Kubernetes klaster kerak emas. Eng kerakli narsani tez va samarali qilish muhim.
2️⃣ Texnik qarz yuki
Tasavvur qiling, ofisingizda oddiy bitta eshik bor. Uni ochish uchun oddiy kalit yetarli. Lekin kimdir "bu eshik xavfsiz bo‘lishi kerak" deb, 4 ta qo‘shimcha kod, Face ID, karta skaneri va 2 bosqichli autentifikatsiya qo‘shadi. Boshida bu zo‘r ko‘rinishi mumkin, lekin keyinchalik kalit yo‘qoladi, Face ID ishlamaydi, yangi odamlar kirishi uchun soatlab ruxsat kutishadi va oxir-oqibat eshikni buzib ochishga to‘g‘ri keladi.
Dasturda ham shunday: agar boshlang‘ich darajadagi loyiha uchun ortiqcha murakkab arxitektura yaratsangiz, u kelajakda texnik qarzga aylanadi va uni refaktor qilishga majbur bo‘lasiz.
3️⃣ Resurslar ortiqcha sarflanadi
Sizga kvartira kerak. Lekin "mukammal yashash joyi bo‘lishi kerak" deb, shahar markazida katta villa qurishni rejalashtirasiz. Kredit olasiz, byurokratiya bilan shug‘ullanasiz, qurilish 5 yil davom etadi... oxirida esa kvartira narxi 2 baravar oshib ketadi va siz hali ham ijara to‘layapsiz.
Xuddi shunday, oddiy monolit xizmat qilish mumkin bo‘lgan joyda murakkab mikroservis arxitekturasi, kutilmagan xatolar va ortiqcha operatsion xarajatlar muammoga aylanadi.
4️⃣ Haqiqiy biznes muammolar chetda qoladi
Do‘konda oddiy savdo tizimi kerak bo‘lsa, sotuvchi faqat "Sotish" tugmasini bosishi yetarli. Lekin siz "UI zo‘r chiqsin, AI bilan tahlil qilsin, blockchain bilan ma’lumotlar xavfsiz bo‘lsin" deb murakkab tizim qurib qo‘yasiz. Natijada sotuvchi tugmani bosish o‘rniga, 5 daqiqa shaxsiy kabinetga kirib, API ishlashi kutishiga to‘g‘ri keladi.
Haqiqiy biznesda foydalanuvchi uchun eng sodda va samarali yechim muhim, ortiqcha murakkablik esa faqat vaqt va pul yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi.