Kanadaga 🇨🇦 1-marta kirib kelganda chegarada nimalarni kutish kerak?
Kanadaga viza oldingiz deylik, lekin bu davlatga kirishda bir qancha talablarga rioya qilish zarur. Vizam bor-ku, bemalol kirib ketaveraman deyish xato. Chunki kamdan kam uchrasada, biror qo'pol xato sababli ortga qaytarib yuborish holatlari ham uchrab turadi.
O'zingiz bilan quyidagi hujjatlar bo’lishi shart:
• Pasport.
• Kirishga ruxsat beruvchi shtrix kodli xat (Port of Entry letter yoki Letter of introduction deb nomlanadi va viza olgan akkauntingizdan yuklab olinadi).
Qo'shimcha talablar ruxsatnoma turiga qarab farqlanadi, masalan:
• O'qishga kelsangiz, study permit uchun: o’qishga qabul xati, tibbiy ko'rikdan o'tganlik natijasi, mablag' yetarliligini tasdiqlovchi hujjat (bank hisob raqam).
• Ish ruxsatnomasi, work permit uchun: ish talablariga javob berishni tasdiqlovchi hujjatlar (tajriba, ta'lim), ish beruvchining ijobiy LMIA nusxasi. Studentning turmush o’rtog’i bo’lsangiz LMIA so’ralmaydi.
• Immigratsiya uchun: Confirmation of Permanent Residence (COPR) xati, tibbiy ko'rikdan o'tganlik natijasi, mablag' yetarliligini tasdiqlovchi hujjat (bank hisob raqam).
Barcha muhim hujjatlar qo'l yukida bo'lishi, hech qachon topshiriladigan bagajga solinmasligi kerak. Shuningdek, Kanadada qayerda yashash manzili, muhim telefon raqamlari va bank kartasi yoki naqd pul bilan borish tavsiya etiladi.
Chegara suhbati:
Kanadaga kirganda Chegara xizmatlari agentligi (CBSA) xodimi bilan suhbat bo'ladi. U hujjatlarni tekshiradi, savollar beradi va kirish shartlariga javob berishingizni baholaydi. Xodim, shuningdek, sizning vaqtinchalik niyatingiz haqiqiyligini, ya'ni ruxsatnoma shartlariga rioya qilib, muddat tugagach Kanadadan chiqib ketishga tayyorligingizni tekshiradi. Agar ishonch hosil qilinmasa, kirishga ruxsatnoma berilmasligi mumkin. (Vaqtincha viza bilan kelganlar keyinchalik qonuniy yo'l bilan qolib ketishiga ruxsat beriladi) Agarda immigratsiya qilib kelsangiz bunday savollar berilmaydi.
Savollarga albatta rostgo'ylik bilan javob berish kerak. Yolg'on ma'lumot berish misrepresentation deb ataladi va 5 yillik ta’qiqqa olib kelishi mumkin.
Suhbatdan so'ng, agar ma'qullansa, xodim ruxsatnomani beradi. Uni darhol tekshirib, xatolar bo'lsa (masalan, ism-familya, amal qilish muddati, ta'lim muassasasi nomi) darhol tuzatishni so'rash lozim.
Agar yakuniy manzilingiz boshqa shahar bo'lsa-da, birinchi ruxsatnomani albatta birinchi kirish nuqtasida olishingiz shart. Shuning uchun ichki reysga o'tish vaqtida yetarlicha qo'shimcha vaqt qoldiring.
Keng tarqalgan xatolar:
• 10 ming dollardan ortiq naqd pulni berkitish: bu miqdordagi va undan ko’proq naqd pulni olib kirish mumkin, lekin deklaratsiya qilinishi shart, aks holda mablag' musodara qilinishi mumkin.
• Retseptli dorilarni haddan tashqari ko'p olib kirish: odatda shaxsiy foydalanish uchun taxminan 90 kunlik miqdor ruxsat etiladi. Dori original qadoqda saqlanishi, retsept nusxasi yoki shifokor xati bilan birga bo'lishi kerak.
• Oshkor qilinishi shart yoki taqiqlangan buyumlarni bilmaslik: oziq-ovqat, o'simlik va hayvonlar, alkogol, tamaki mahsulotlari (nos ham😂), o'qotar qurollari borligi aytilishi shart. Noqonuniy giyohvand moddalar, taqiqlangan qurollar, kasal hayvonlarni olib kirish butunlay taqiqlangan. Bunday narsalar borligini aytmaslik, agar oshkor bo'lib qolsa katta miqdorda jarimaga sabab bo’ladi.
Kanada 🇨🇦 hayoti va bu davlatga borish bo'yicha qiziq va foydali ma'lumotlarni kuzatib borish uchun:
👉 https://t.me/CanadAli

44
4
1July 27, 2026 5.1K 23