O‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasorati e’tirof qilindi.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasi ehtirom bilan yod etildi.
Prezidentimiz mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘lishini ta’kidladi. Islohotlarning birinchi kunlaridan xalqning qalbiga quloq solish va aholining dardiga darmon bo‘lish asosiy maqsad etib belgilandi.
“Inson qadri uchun” g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Birinchi galda “paxta qulligi”, majburiy va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovi hamda “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi.
– Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik,
– dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Facebook|Instagram|X
