Men 6-sinfda velosiped haydashni o'rganganman!
4-sinf yoki 5-sinfligimda maktabga bir sinfdoshimiz velosipedini olib kelib,haydagan edi. Deyarli hamma sinfdoshlarim haydashgandi.
Man haydashni bilmaganim uchun bir chetga kuzatib o'tirganman. Juda hiijolat bo'lib, hech kimga "man velosiped haydashni bilmayman" deya olmaganman.
Shu vaziyatda negadir ota-onamdan o'pkalaganman. "Manga velosiped olib berishmagan. Haydashni o'rgatishmagan" deb.
Keyinchalik, 6-sinfligimda otam velosiped olib bergandilar.
Lekin 18 yoshimda "pravani" (haydovchilik guvohnomasi) otam sovg'a qilgan. Shundoq tug'ilgan kunimdan avval otam o'qitib, ayni tug'ilgan kunimga sovg'a qilganlar. Hozir, "prava" qanchalik muhimligini aytmasa ham bo'ladi.
Kuni kecha kenja 5 yashar o'g'lim velosiped haydashni o'rganib, rosa gizzillatib yuribdi. O'g'limga qarab, shu narsalarni o'ylab Yaratganning qanchalar mehribonligiga tan berib, turibman.
Bu holat bilan nima demoqchiman?
Birinchidan, nimadir ko'nglingizni xira qilsa, niyatlaringiz amalga oshishi kechikayotgan bo'lsa, sira o'ksimang. Demak, Alloh sizga bundanda go'zal ijobatni tayyorlab qo'ygan. Xuddiki, menda velosiped o'rnida mashina haydashga ruhsatdek.
Ikkinchidan, siz vaqtida erisholmagan yutuqlarga, farzandlaringiz erishishiga zamin hozirlang.
Uchinchidan, eng muhimi, ota-onalarimiz doimo sog'-omon bo'lishsin. Bizlarga yoshligimizda rahm qilishganidek, ularga ham Alloh rahm etsin.