Aziz ustoz va murabbiylar! Hurmatli professor-o‘qituvchilar!
Sizlarni, ta’lim va tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlari hamda faxriylarini 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Ustoz — inson hayotida chuqur iz qoldiradigan, uning bilim va dunyoqarashi, ma’naviyati hamda kelajakdagi yo‘lini belgilashga katta hissa qo‘shadigan sharafli kasb egasidir. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarning yosh avlodni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish, ularni mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma’naviyatli va Vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashdagi o‘rni beqiyosdir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida: “Milliy yuksalishning tayanch asosi – maktab, texnikum va oliygohlar ekanini siz, azizlar albatta yaxshi tushunasiz. Shu bois, bu borada biz avvalo sizlarga – muhtaram ustoz va murabbiylarimizga tayanamiz”, deya ta’kidladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda ta’lim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarimizning xalqaro maydondagi yutuqlari, oliy ta’lim va ilm-fan rivojidagi natijalar zamirida, avvalo, fidoyi ustozlarning mashaqqatli mehnati mujassam.
Universitetimiz professor-o‘qituvchilari uchun bu yil ham yutuq va e’tiroflarga boy bo‘ldi. Ustozlarimiz orasidan davlat mukofotlariga munosib ko‘rilganlar, “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar hamda boshqa yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lganlar safi kengaydi. Bu natijalar professor-o‘qituvchilarimizning ta’lim, ilm-fan va yoshlar tarbiyasi yo‘lidagi ko‘p yillik samarali mehnati, fidoyiligi va kasbiga bo‘lgan sadoqatining munosib e’tirofidir.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ta’lim sifatini yuksaltirish, ilmiy salohiyatni oshirish, zamonaviy bilim va innovatsiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish, yoshlarning xorijiy tillarni puxta egallashi hamda xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi yo‘lida professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan katta mehnat qilinmoqda. Universitetimizning yutuqlari, ilmiy natijalari, xalqaro hamkorlikdagi muvaffaqiyatlari va talabalarimizning qo‘lga kiritayotgan natijalarida Siz, aziz ustozlarning hissangiz alohida o‘rin tutadi.
Aziz ustozlar!
Sizlar yosh avlodga shunchaki bilim bermaysiz — ularni hayotga tayyorlaysiz, qalbiga ezgulik va mehr, ongiga mas’uliyat, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini singdirasiz. Bugun yoshlarimizning erishayotgan yutuqlari va yuksak marralari zamirida Sizlarning zahmatli mehnatingiz, fidoyiligingiz va cheksiz e’tiboringiz mujassam.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, xotirjamlik va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Ilm yo‘lidagi izlanishlaringiz, ta’lim va tarbiya borasidagi ezgu mehnatingiz samarasi yanada ziyoda bo‘lsin!
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori
Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich
Telegram | Instagram | Facebook | Sayt





