28-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida universitet psixologi Z. Xayrullayeva, Birinchi ingliz tili fakulteti va Ikkinchi ingliz tili fakulteti dekan o‘rinbosarlari N. Lapasov hamda Z. Xasanov hamkorligida tyutorlarning ijtimoiy-psixologik faolligini oshirish, talabalarda namoyon bo‘ladigan tashvish va emotsional zo‘riqish belgilarini erta aniqlash hamda ularni psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-trening davomida talabalarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan xavotir, emotsional zo‘riqish, ijtimoiy chekinish, kayfiyatning beqarorligi, o‘quv motivatsiyasining pasayishi, muloqot faolligining susayishi, diqqat va e’tibor tarqoqlashuvi kabi holatlarning xulq-atvordagi tashqi belgilari haqida ma’lumot berildi. Amaliy mashg‘ulotlarda tyutorlarga talabalarning odatiy xulq-atvoridagi o‘zgarishlarni kuzatish, psixologik xavf omillarini o‘z vaqtida ilg‘ash, faol tinglash, empatik muloqot o‘rnatish, individual yondashuvni qo‘llash hamda zarur hollarda talabani universitet psixologik xizmatiga yo‘naltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, trening davomida “kuzatuvchanlik”, “empatik tinglash”, “psixologik qo‘llab-quvvatlash”, “ijtimoiy moslashuv”, “emotsional holatni baholash”, “psixologik profilaktika” va “erta psixologik aniqlash” kabi tushunchalarning amaliy mazmuni yoritildi. Tyutorlarning talabalar bilan kundalik muloqot jarayonida psixologik jihatdan xavfsiz va ishonchli muhitni shakllantirishdagi roli alohida ta’kidlandi.
Telegram | Instagram | Facebook | Sayt




