O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari bilan uchrashuv… — O'zDJTU | UzSWLU | УзГУМЯ — TG.ME

🟦🟦🟦🟦

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2026-yil 9-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov, Tarjimonlik fakulteti dekani U. Yo‘ldoshev, “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi rahbari X. Mahmudov hamda bosh muharrir o‘rinbosari M. Yakubjanova ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida milliy adabiyotimizning nodir namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish, ularni xalqaro miqyosda targ‘ib etish hamda yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda nashriyot vakillari tomonidan Oybekning “Navoiy” hamda Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanlarining ingliz tilidagi tarjima nashrlari taqdim etildi. Mazkur asarlarning ingliz tiliga tarjima qilinishida O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov, Tarjimonlik fakulteti dekani U. Yo‘ldoshev hamda A. Hamidovning hissasi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tarjima va nashriyot loyihalarini kengaytirish, milliy adabiyot namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish borasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, mamlakatimizda kitobxonlikni keng ommalashtirish, yoshlarni turli janr va yo‘nalishdagi adabiyotlarni mutolaa qilishga jalb etish, shuningdek, milliy adabiyotimiz namunalarini xorijiy tillarda targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.

Mazkur memorandum doirasida nashriyot tomonidan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Oybekning “Navoiy” hamda Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asarlarining ingliz tilidagi tarjimalari chop etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur hamkorlikni izchil davom ettirish, tarjima loyihalarini ko‘paytirish va o‘zbek adabiyotining sara namunalarini xalqaro kitobxonlarga yetkazish borasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.

🌐 Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Sayt
❤11👍1
September 9, 2026 2.9K 4