Tizim samaradorligi: qurilishdan tortib iqtisodiy barqarorlikkacha… — O‘zsuvta'minot — TG.ME

Tizim samaradorligi: qurilishdan tortib iqtisodiy barqarorlikkacha

Bugun “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Axmad Suvankulov ishtirokida tizim faoliyatining samaradorligi va barqarorligiga bevosita ta’sir qiluvchi bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda, avvalo, yangi obyektlar qurilishi jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va sustkashliklar, ularning oldini olish va aniqlangan muammolarni tezkor bartaraf etish choralariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada qurilish jarayonlarining faqat yakuniy natijasi emas, balki har bir bosqichning o‘z vaqtida va belgilangan talablar asosida bajarilishi muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, suv hisobini to‘g‘ri va to‘liq yuritish masalasi ham muhokamaning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Chunki suv resurslaridan samarali foydalanish, yo‘qotishlarni kamaytirish va korxonalar faoliyatining real iqtisodiy ko‘rsatkichlarini shakllantirish, eng avvalo, aniq hisob-kitob tizimiga bog‘liq.

Xalqaro moliya institutlari (XMI) bilan ishlashda yangi mexanizmlarni joriy etish, shuningdek, tuzilgan shartnomalarda belgilangan majburiyatlar, shartlar va ko‘rsatkichlarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bu yo‘nalishda loyiha mablag‘laridan samarali foydalanish bilan bir qatorda, har bir kelishuv bo‘yicha nazarda tutilgan natijadorlik ko‘rsatkichlariga erishish zarurligi qayd etildi. Yig‘ilishda ijro intizomi masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Topshiriqlarning o‘z vaqtida, sifatli va natijadorlik bilan bajarilishi tizimdagi barcha bo‘g‘inlar faoliyatini baholashning muhim mezonlaridan biri ekani ta’kidlandi.

Muhokamalarning yana bir muhim yo‘nalishi — hududiy suv ta’minoti korxonalarining iqtisodiy barqarorligini ta’minlash. Korxonalarning moliyaviy holatini mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘lami va hajmi tahlil qilindi. Yakunida muhokama qilingan har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.

|🌐Website    | 🗝Cabinet 
|
🤖Bot                 |😄Telegram
|
✅Facebook     |🌐Instagram
|📹YouTube       |🕊 X
|💬Chat               |✅ TikTok
❤2👍2🔥1🎉1
September 2, 2026 921 3