Namangan viloyati suv ta’minotida yangi imkoniyatlar eshigi ochildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida Uychi tumanida joylashgan “Jiydakapa” suv olish va uzatish inshooti to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari v.b. Komilbek Yusupov, soha vakillari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
“Jiydakapa” inshooti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalar asosida rekonstruksiya qilindi. Natijada inshootning avvalgi 90–100 ming kub metr bo‘lgan sutkalik suv olish va uzatish quvvati 180 ming kub metrgacha oshirildi.
Shuningdek, inshootda energiya tejamkor dvigatel va nasoslar o‘rnatildi. Suv olish va uzatish jarayonlarini masofadan boshqarish hamda monitoring qilish imkonini beruvchi SCADA raqamli boshqaruv tizimi joriy etildi.
Namangan shahrining ichimlik suvi ta’minotida muhim o‘rin tutuvchi mazkur inshoot shahar aholisining qariyb 60–65 foizini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Shu bois rekonstruksiya ishlari inshoot quvvatini oshirish bilan birga, shaharda ichimlik suvi ta’minotining barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Tantanali marosimda ramziy lenta kesilib, “Jiydakapa” suv olish va uzatish inshooti yangilangan va kengaytirilgan imkoniyatlari bilan foydalanishga topshirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga inshootning texnik imkoniyatlari, faoliyat yuritish prinsiplari hamda joriy etilgan SCADA raqamli boshqaruv va monitoring tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.
|
|
|
|
|











