O‘zbekiston Respublikasi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
Karimova E’zozxon Gapirjonovnaga
MUROJAAT
Ma’lumki, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchilar pedagogik faoliyat olib bormoqda. Ularning mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratish, kasbiy vazifalarini to‘laqonli bajarishiga ko‘maklashish hamda turli xizmat va tashkiliy ishlarni bajarishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tarjimon-kotiba lavozimi joriy etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2019-yil 28-dekabrdagi 406-son buyrug‘i bilan umumta’lim muassasalarining boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtat birliklari tasdiqlangan. Mazkur hujjatda ko‘zi ojiz o‘qituvchilar faoliyat olib boradigan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tarjimon-kotiba lavozimini joriy etish nazarda tutilgan.
Amaliyotda mazkur tartib ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchining asosiy ish joyida qo‘llanilib, unga tarjimon-kotiba shtati ajratilmoqda. Biroq o‘qituvchi boshqa umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘rindoshlik asosida pedagogik faoliyat olib borgan hollarda, uning o‘rindoshlikdagi ish joyida alohida tarjimon-kotiba shtati ajratish masalasida muammolar yuzaga kelmoqda.
Aslida, asosiy ish joyida ajratilgan tarjimon-kotiba shtati boshqa ta’lim muassasasidagi o‘rindoshlik asosida olib borilayotgan pedagogik faoliyatni ta’minlash uchun mo‘ljallanmagan. Chunki asosiy ish joyidagi tarjimon-kotiba to‘liq 1,0 shtat birligi asosida ish bilan band bo‘lib, uning belgilangan ish vaqti doirasida o‘zining asosiy ish joyidagi xizmat vazifalarini bajarishi lozim. Shu sababli mazkur xodimni o‘qituvchining boshqa maktabdagi o‘rindoshlik asosidagi faoliyatini ta’minlash uchun doimiy ravishda jalb etish amaliy jihatdan ham, tashkiliy jihatdan ham murakkab hisoblanadi.
Bundan tashqari, o‘qituvchining asosiy va o‘rindoshlikdagi ish joylari turli hududlarda joylashgan bo‘lishi mumkin. Ushbu ta’lim muassasalari o‘rtasidagi masofaga qarab, bir ish joyida faoliyat olib borayotgan tarjimon-kotibaning boshqa ish joyiga muntazam qatnashi qo‘shimcha yo‘l xarajatlari, vaqt sarfi va boshqa tashkiliy hamda moliyaviy masalalarni yuzaga keltiradi. Bunday holatda asosiy ish joyidagi tarjimon-kotibani boshqa ta’lim muassasasiga biriktirish nafaqat qo‘shimcha xarajatlarni, balki uning asosiy ish joyidagi xizmat vazifalarining bajarilishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Eng muhimi, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchining tarjimon-kotiba yordamiga bo‘lgan ehtiyoji faqat uning asosiy ish joyi bilan bog‘liq emas. Mazkur ehtiyoj o‘qituvchi qaysi ta’lim muassasasida bevosita pedagogik faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, aynan o‘sha joydagi ish jarayonida yuzaga keladi. O‘qituvchi o‘rindoshlik asosida boshqa maktabda dars berayotgan vaqtida ham o‘quv jarayonini tashkil etish, tegishli hujjatlar bilan ishlash, dars jarayoniga oid zarur ma’lumotlarni olish hamda boshqa xizmat vazifalarini bajarishda tarjimon-kotiba yordamiga ehtiyoj sezadi.
2019-yil 28-dekabrdagi 406-son buyruqda tarjimon-kotiba shtati faqat o‘qituvchining asosiy ish joyida ajratilishi yoki o‘rindoshlik asosidagi ish joyida mazkur shtat birligini ajratish mumkin emasligi to‘g‘risida aniq cheklov mavjud emas. Shu bilan birga, mazkur masalaning amaliyotda turlicha talqin qilinayotgani sababli ta’lim muassasalarida o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchilar uchun alohida tarjimon-kotiba shtati ajratilmayapti.
Shu holatda ishlayotgan o’qituvchilar:
1. https://t.me/uzreskop/67279
2. https://t.me/uzreskop/67257
3. https://t.me/uzreskop/67119
Vahakazolar.
👇 Asosiy havolalar:
🔗 Guruh: 🔗 Kanal: 🔗 Yordamchi yo‘nalishlar: