O‘zbekistonda chet el universitetlari reytinglari atrofida qandaydir kult shakllanayotganini sezaman. Bu sohadan oz-moz xabardor inson sifatida aytishim kerakki, istalgan reytingda birinchi o‘rindagi universitet professorlari bilan yuzinchi o‘rindagi universitet professorlari o‘rtasidagi tafovut ko‘pchilik tasavvur qilganidek katta emas. Aksariyat holatlarda o‘rtacha professorlar orasida deyarli farq bo‘lmaydi. Professorlar mehnat bozori biroz g‘alati ishlagani uchun bu tashqaridan unchalik bilinmasligi mumkin.
Jahonning 200–300 ta universitetida yuqori darajada sifatli ta’lim olish mumkin; ular o‘rtasida katta tafovut yo‘q. Shuning uchun talaba bo‘lsangiz yoki bolangiz uchun universitet tanlayotgan ota-ona bo‘lsangiz, farzandingiz dunyodagi 75-o‘rindagi universitetga kirsin, 5-o‘rindagisiga kirsin — ikkala holatda ham u katta muvaffaqiyatga erishishi va yuqori sifatli ta’lim olishi mumkin. Balki jamiyatda biroz prestij farqi ko‘rinishi mumkin, biroq ilm olish nuqtayi nazaridan qaysi universitet yaxshiroq degan savolga aniq javob yo‘q. Hatto kimdir aytishi mumkin: nomdor universitetlarda domlalar anchayin band bo‘lib, iqtidorli talabalarga ham kamroq vaqt ajratishlari mumkin. Yoki u yerda ajralib turish ham qiyinroqdir.
Xullas, universitet reytinglariga biroz tuz qo‘shib qarashni xohlardim. To‘g‘risini aytganda, bakalavr paytlarimda men ham buni yaxshi tushunmagan edim; hozir esa sohaga anchadan beri yaqin bo‘lganim uchun shu fikrlarni yozayapman. Universitet tanlashda uning hayot tarzingizga mosligi, shaharning manzur kelishi, iqlimi va umumiy muhiti kabi omillar talabaning muvaffaqiyatiga ko‘proq ta’sir qiladi nazarimda.
Bir muddat oldin Stanford universitetining sobiq prezidenti bilan Markaziy Osiyoliklar guruhida suhbatda bo‘ldik. O‘shanda markaziy osiyoliklardan biri: «Bolalarimizni Stanfordga kiritish uchun yana nimalar qilishimiz mumkin?» — degan savol berdi. Sobiq prezident esa shunday javob qildi: AQShda yuzlab universitetlar bor, ularning ko‘pi sifati jihatidan Stanforddan aslo yomon emas; o‘zingizdan so‘rang, nega aynan Stanfordni xohlayapsiz? "Haqiqatdan ham ta'lim sifati haqida qayg'ursangiz - yuzlab alternativa bor" dedi. Stanfordga kirish kerak deb bolalarni qiynamaslikni va fokusni qiziqishlariga yo'naltirishni tavsiya qildi. Suhbat anchagina davom etdi, boshqa gaplar ham bo'ldi, lekin uning fikri menga to‘g‘ri tuyuldi. Lekin auditoriya baribir unga ishonmagandek tingladi shekilli.
Nazarimda, mintaqamizda ham reytinglarga nisbatan nosog‘lom bir obsessiya bor. Sababini bilmasligim mumkin, lekin oqibatlari uncha yaxshi emas.
Forwarded fromIqtisodchi Kundaligi
16
5
2May 22, 2025 2.1K 22 7