Tezkor vaziyatda ikki nafar fuqaroning hayotini saqlab qolgan YPX… — Toshkent viloyati IIBB | Rasmiy kanal — TG.ME

⚡️ Tezkor vaziyatda ikki nafar fuqaroning hayotini saqlab qolgan YPX xodimi munosib rag‘batlantirildi

Toshkent viloyati IIBB YHXB xodimi, kapitan Otabek Hakimov O‘rta Chirchiq tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida, yo‘l-transport hodisasi oqibatida kanalga tushib ketgan avtomashina ichidagi ikki fuqaroning cho‘kish xavfi ostida qolganini ko‘rib, zudlik bilan yordamga shoshildi.

Vaziyatning o‘ta xavfli ekaniga qaramay, kapitan Otabek Hakimov o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, suvga tushdi va fuqarolardan birini kanal qirg‘og‘iga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Ko‘rsatilgan tezkor va amaliy yordam natijasida ikki fuqaroning hayoti saqlab qolindi. Fuqarolarga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, so‘ngra shifoxonaga yetkazildi.

Tezkor vaziyatda to‘g‘ri va qat’iy qaror qabul qilib, yuksak kasbiy mahorat, jasorat va insonparvarlik namunasini ko‘rsatgan kapitan Otabek Hakimovning fidokorona harakati munosib e’tirof etildi.

Xodim xizmatdagi jasorati uchun pul mukofoti hamda esdalik sovg‘asi bilan rag‘batlantirildi.

Darhaqiqat, inson hayotini asrab qolish yo‘lida bir soniyani ham boy bermaslik, xavf oldida dovdiramasdan to‘g‘ri qaror qabul qilish — chinakam kasbiy burch va jasorat namunasidir.

Bunday fidoyilik va mardlik ichki ishlar organlari xodimlari zimmasidagi mas’uliyat naqadar yuksak ekanini, ular fuqarolarning hayoti va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida har qanday vaziyatda yordamga shay turishini yana bir bor namoyon etadi.

Xalq osoyishtaligi va inson hayoti — eng oliy qadriyat. Uni asrash yo‘lida ko‘rsatilgan har bir jasorat esa munosib e’tirofga loyiq.


| Telegram | Youtube | Сайт | Instagram |
❤6⚡2👍1🎉1
September 4, 2026 2.2K 28