O‘quv dasturi – muayyan fan bo‘yicha o‘quvchiga nimalarni o‘rgatish va unda qanday bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarni shakllantirish kerakligini belgilab beradigan asosiy hujjat.
Ya’ni, sodda qilib aytganda, o‘quv dasturi maktabda nimani o‘qitishimiz va ta’lim natijasida qanday o‘quvchini shakllantirishimiz kerakligini belgilaydi. Darsliklar shu dastur asosida tuziladi, BMBA testlari ham o‘quv dasturida belgilangan bilim va ko‘nikmalar asosida shakllantiriladi (ammo o‘quv dasturini faqat “BMBA qanday test tuzadi?” degan savoldan kelib chiqib shakllantirish to‘g‘ri emas).
Ayni paytda muhokamadagi yangi o‘quv dasturlari yuzasidan ustoz Komil Jalilovning Gazeta.uz nashrida maqolasi e’lon qilindi. Quyida ushbu maqoladan ustozning huquq va tarix fanlariga oid ayrim fikrlarini keltirib o‘taman.
...ayrim fanlarda standartlarda e’lon qilingan ilg‘or maqsadlar (tanqidiy va ijodiy fikrlash, media-savodxonlik va boshqa ko‘nikmalarni rivojlantirish) bilan fanlar darajasidagi o‘quv natijalari o‘rtasida nomuvofiqlik borligini kuzatish mumkin.
Bunday nomuvofiqlikning yaqqol misollaridan biri “Davlat va huquq asoslari” fanidir. 5−9-sinflar uchun mo‘ljallangan davlat standarti davlat va jamiyatni boshqarish ishiga tanqidiy fikrlovchi, faol fuqarolik pozitsiyasiga va daxldorlik hissiga ega bo‘lgan jamiyat a’zosini tarbiyalash maqsadini ilgari sursa-da, 8−9-sinflar dasturiga kiritilgan o‘lchanadigan o‘quv natijalarining aksariyati (52 tadan 45 tasi) birgina fe’l — “izohlash” orqali ifodalangan. Dasturning o‘zida “izohlash” rasman “tushuncha mazmunini sharhlash” deb belgilangan bo‘lib, bu — Blum taksonomiyasi bo‘yicha quyi kognitiv darajalar iyerarxiyasida ikkinchi o‘rinda turadigan “tushunish” bosqichidir. 8−9-sinflar kodifikatori darajasida real keyslarni hal qilish uchun huquqni tahlil qilish, baholash yoki qo‘llash ko‘nikmalari deyarli mavjud emas, bu esa tanqidiy fikrlash, faol pozitsiya yoki daxldorlik hissini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishishni imkonsiz qilib qo‘yadi.
Hatto “tahlil qilish” va “baholash” kabi yuqori darajadagi fe’llar paydo bo‘ladigan hamda aybsizlik prezumpsiyasi, ombudsman instituti yoki mehnat nizolari singari amaliy va protsessual institutlarning bir qismi o‘rgatiladigan 10−11-sinflarda ham tanqidiy tahlil doirasi qat’iy cheklangan: o‘quvchilar faqatgina fuqarolar yoki ish beruvchilar tomonidan qonun buzilishi holatlarini baholaydilar (masalan, DHA.11.XH.08), lekin ularning oldiga davlat idoralari qarorlari yoki hujjatlarining adolatliligi yoxud samaradorligini baholash vazifasi qo‘yilmagan.
Dastur, shuningdek, “inson va shaxs tushunchasi” (DHA.8.OH.01), “jamiyat tushunchasi” (DHA.8.OH.02), “davlat belgilari” (DHA.8.OH.03), huquqning turli sohalari asoslari va manbalari kabi mavhum ta’riflar bilan to‘ldirib yuborilgan. Bu mavhum tushunchalar o‘smirning hayotiy tajribasidan yiroq bo‘lib, bu holat bilimlarni real voqelikka ko‘chirishni haddan tashqari qiyinlashtiradi. Dasturda taqiqlar va javobgarlikka, jinoyatlar, nojo‘ya xatti-harakatlar, huquqbuzarlik belgilari va voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligiga kuchli urg‘u berilgan, biroq huquqiy himoya vositalari (masalan, davlat idoralariga qanday murojaat yozish, yozgi ta’tildagi ish uchun oylik to‘lanmasa, qayerga shikoyat qilish yoki bolalar ombudsmani amalda qanday ishlashi) yoritib berilmagan.
***
Tarix dasturi qiziqarli tuzilgan. Davlat standartlarida “tarixiy manbalar bilan ishlash, tarixiy voqea va jarayonlarni taqqoslash hamda ularning o‘zaro bog‘liqligini aniqlash orqali tanqidiy va kreativ fikrlashni rivojlantirish” yoki “tahliliy fikrlay oladigan ongli fuqaroni tarbiyalash” kabi maqsadlar belgilangan. Dasturda tanqidiy fikrlashga nisbatan qo‘sh standart qo‘llangani kuzatiladi: tashqi tarixiy jarayonlar (masalan, dekolonizatsiya, imperialistik ekspansiya, totalitar usullar) chuqur tanqidiy o‘rganiladi. Biroq, maqsad O‘zbekiston tarixiga kelganda, o‘quvchi ajdodlarining harakatlarini (masalan, davlat boshqaruvi yoki istilochilik yurishlarini) “tarixiy empatiya” nuqtai nazaridan tahlil qilishi kerak. Masalan, o‘quvchi “Temuriylar davri davlat arboblarining xalq farovonligi va adolatga bo‘lgan munosabatini „Adolat — davlat asosi“ tamoyili kontekstida tarixiy empatiyaga tayanib baholashi” (OʻT8.II5.02) yoki “Amir Temurning o‘zi bosib olgan yerlarda tartib o‘rnatish va binolar qurish bo‘yicha qarorlarini o‘sha davr qadriyatlari va siyosati nuqtai nazaridan baholashi” (OʻT8.S6.03) lozim.
Tarix fani dasturi o‘z mazmuniga ko‘ra chiziqli-xronologik va faktlarga asoslangan bo‘lib qolgan: ta’lim natijalari muayyan tarixiy voqealarga qat’iy bog‘lab qo‘yilgan. Bu esa bilimlarni transfer qilish, ya’ni o‘quvchining aniq bir tarixiy voqeadan umumiy qonuniyatlar yoki tamoyillarni (qoliplarni) anglab yetishi va ularni boshqa tarixiy yoxud zamonaviy vaziyatlarni tahlil qilishda qo‘llay olish qobiliyatini yo‘qqa chiqaradi. Masalan, o‘quvchi Rossiya imperiyasining Turkistonda temiryo‘l qurishini mustamlakachilik manfaatlari nuqtai nazaridan tahlil qiladi (O‘T10.IK4.01). Undan umumiy mavhum modelni (“infratuzilmaviy imperializm” yoki “ekstraktiv iqtisodiyot”) aniqlash kutilmagani uchun u Turkistondagi temiryo‘lni yakka-yagona tarixiy fakt sifatida qabul qiladi hamda yirik davlatlarning o‘z mustamlakalarida yoki rivojlanayotgan mamlakatlarda amalga oshirgan boshqa shunga o‘xshash yirik infratuzilmaviy loyihalari bilan qiyoslay olmaydi.
Yana bir misol. Kodifikatorda Mixail Gorbachyov islohotlari va Yevropadagi geosiyosiy o‘zgarishlar keysi mavjud (JT10.II1.02), biroq ta’lim natijasi muayyan davr va shaxsga bog‘lab qo‘yilgani tufayli o‘quvchi “qayta qurish”ning barbod bo‘lishi mantig‘ini dunyodagi “yuqoridan” amalga oshirilgan boshqa har qanday muvaffaqiyatsiz davlat islohotlari tahliliga tadbiq eta olmaydi.
Komil Jalilovning boshqa fanlar yuzasidan bildirgan fikrlarini ham o‘qimoqchi bo‘lsangiz, maqolani batafsil o‘qing.

