Oksford talabalari bir oy davomida O‘zbekistonda o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganadi
“Oksford o‘zbekshunoslik dasturi” doirasida Oksford universiteti talabalari va tadqiqotchilari uchun O‘zbekistonda yozgi maktab boshlandi. Dastur ishtirokchilari bir oy davomida o‘zbek tilini bevosita jonli muloqot muhitida o‘rganib, mamlakat tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishadi.
Mazkur dastur 2025-yil oktabr oyida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tashabbusi bilan Oksfordda yo‘lga qo‘yilgan edi. Loyiha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan Oksford universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Saida Mirziyoyeva dastur izchil yo‘lga tushib, o‘zining amaliy natijalarini berayotganidan mamnunligini bildirdi.
Yozgi maktab doirasida o‘zbek va chig‘atoy tillari bo‘yicha intensiv mashg‘ulotlar, O‘zbekiston tarixi, adabiyoti, jadidchilik, san’at va madaniyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tashkil etiladi. Ishtirokchilar Toshkent, Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalar, muzeylar va kutubxonalarga ham tashrif buyuradi.
“Go‘zal diyorimiz siz uchun chinakam qadrdon maskanga aylanib, har biringizning qalbingizdan munosib joy olsin”, — deya tilak bildirdi Saida Mirziyoyeva.
📌 Ta’limga oid yangiliklar albatta @talimkanali da!
2September 1, 2026 759



