Uzun yo‘l
Inson o‘zi bilan yolg‘iz qolar ekan, biroz tin olib, orqaga va oldinga qarashga imkon bo‘lar ekan. Kamina o‘qituvchi bo‘lganim uchun matematikadan boshlay qolaman.
Nol — koordinata o‘qida musbat va manfiylarni ajratib turuvchi son.
Tug‘ulganimizda ismsiz tug‘ilamiz. Hayot yo‘lida ham dastlab nom-nishonsiz…
Hali yosh paytimiz uydan ko‘chaning boshigacha piyoda chiqamiz. Noldan so‘ng natural sonlar boshlanadi — birdan cheksizgacha. Ularning tarkibida “tub”i, “murakkab”i, “mukammal”i, hatto do‘stlari bor, dushmanlari-chi — unisini bilmadim hozircha…
Tug‘ulishimiz bilan yaxshi niyatlar bilan ism qo‘yishadi. Yangi bilimlar o‘rganamiz, do‘stlar, hamkasblar, yoru birodarlarni topa boshlaymiz…
Ko‘chaning boshidan mashinaga o‘tiramiz. Yaxshilab o‘rnashib oling, hali uzoq yuramiz va ana endi katta hayot boshlanadi.
Mashinaga o‘tirar ekanman, haydovchi akamiz manzilni aniq belgilab oldilar va harakatni boshladik. Xuddi noldan so‘ng natural sonlar boshlangani, ism qo‘yilgach boshqa orzu-havaslar boshlangani kabi bizda ham boshlandi.
Biroz yurganimizdan so‘ng internetda muammo borligi sababli manzilda biroz adashgandek bo‘ldi. Boshida biroz xavotirlandim, keyin natural sonlar ichida ham murakkablari bor bo‘lganidek, bu muammoni hal qildik va yana davom etdik.
Hayotda ham xuddi shunday vaziyatlar sodir bo‘lib turadi. Shunda ba’zan ikkilanish, har xil o‘y-fikrlar miyada aylanishi tabiiy. Shu payt “bu ham bir murakkab son”, deb qabul qilish kerakmi, deb o‘ylab qoldim.
Haqiqatan ham hali mashinaga o‘tirganimizda manzilga adashmasdan yetib olamiz, deb o‘tirgandik. Kutilmagan vaziyat sodir bo‘lganda ham manzilni o‘zgartirmadik-ku. To‘g‘ri, biroz adashib, bir joyda aylanib qoldik-ku-ya, lekin manzil sari davom etdik.
Hayotda ham shunaqa yanglish holatlarda nima qilganimiz ma’qul? Avvalo o‘zimga savol: agar hali yo‘l boshida manzil aniq tanlangan bo‘lsa, demak davom etaveramiz. Biroz dam olishimiz mumkin, juda borsa dastlab mingan mashinamizni o‘zgartirarmiz, ammo manzilni emas.
Hali natural sonlar qatorida murakkab sonlarni tilga oldik. Biz yo‘lga chiqqanimizda mashinada haydovchi aka va kamina bor edi. Yo‘lning ma’lum qismida esa yana bir X odam qo‘shildilar. Boshida suhbatga zo‘r qo‘shildilar, manzilimiz birligini aytdilar. Ammo suhbat davom etar ekan, X odamning manzillari biz bilan emas, aksincha, bizni o‘z manzillari orqali ketishimizni aytib qoldilar. Haydovchi akamiz “yo‘q” deganlarida esa boyagi suhbatdosh akamizdan asar qolmadi. Ha, demak dastlabki suhbatlar manfaat uchun ekan-da, deb qo‘ydim, xolos.
Do‘st sonlarni eslamadik-ku, deysizmi? Ha, eslamadik. Aslida ularni unutganimiz yo‘q. Ular ko‘pmi? Yo‘q. Bittasi doim biz bilan, bizga bizdan-da yaqin. Yana ikkitasi esa doim hech qanday manfaatlarsiz haqqimizga duoda. Do‘stlarimiz kimlar ekanligini payqadingiz, degan umiddaman.
Xullas, mavzuning sarlavhasiga buncha gapning nima aloqasi bor, dersiz. Kamina o‘zi shunaqa, ba’zi gaplarni boricha aytib qo‘yadi.
“Uzun yo‘l” — fikrlar mana shu uzun yo‘lda ketayotib kelgan fikrlar bo‘lgani uchun sarlavha shunday bo‘ldi.
Ha, yana bir suhbatdoshim bilan gaplashish chog‘ida bir gap esga tushdi: “Bir qadam orqaga — bu hali ikki qadam oldinga”, xuddi metroga minish texnikasi kabi. Shu jumlani yaqinda o‘qigandim. Balki mavzuga unchalik mos emasdir, ammo negadir yozgim keldi.
Ba’zan inson o‘zini adashgandek his qiladi. Go‘yoki hammasi noto‘g‘ri ketayotgandek tuyuladi. Lekin vaqt o‘tib bilasanki, o‘sha bir qadam ortga chekinish aslida yiqilmaslik uchun bo‘lgan ekan.
Adashdimmi, deyman men, parvo qilmay,
Bu dunyo shartlarin nazarga ilmay.
Niqob taqish kerak bo‘lgan joyga,
Asl yuzim bilan kiribman, bilmay.
Xulosa: safarga chiqib turing, yolg‘iz. Murakkab va mukammal sonlarni yaxshiroq o‘rganish uchun.