Bugun yurtimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida yangi oʻquv yilining ilk kuni – “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Bu yilgi tadbirlar “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu gʻoya asosida tashkil etildi.
Ayniqsa, yangi oʻquv yilining ilk kuni Samarqand shahridagi Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi otaligʻiga olingan 33-umumtaʼlim maktabida oʻziga xos tantana va koʻtarinki kayfiyat bilan boshlandi.
Tadbirda maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilar, ota-onalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda soʻzga chiqqan Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari L.Ziyadullayev oʻquvchilarni yangi oʻquv yili bilan samimiy muborakbod etdi.
Oʻz soʻzida yosh avlodning yurt kelajagidagi oʻrni beqiyos ekanini taʼkidlab, oʻquvchilarga bilim olishda gʻayratli boʻlish, ustozlarni hurmat qilish, Vatanni sevish va uning ravnaqiga munosib hissa qoʻshishni tiladi. Shuningdek, barcha oʻquvchilarga yangi oʻquv yilida aʼlo baholar, ulkan yutuqlar va ezgu maqsadlar sari dadil qadamlar tilab qoldi.
Tadbirning eng quvonchli lahzalaridan biri maktab ostonasiga ilk bor qadam qoʻygan 1-sinf oʻquvchilariga “Prezident sovgʻalari” topshirilgani boʻldi. Bu sovgʻalar bolajonlarning quvonchiga quvonch qoʻshib, ular uchun yangi va unutilmas taʼlim sahifasining ramziy boshlanishiga aylandi.
Tantanali tadbir yakunida maktab hovlisida ilk qoʻngʻiroq sadosi yangradi. Uning jarangdor sadosi yangi bilimlar, yangi orzular va yangi marralar sari chorlov boʻldi.
Forwarded fromG'ayrat Sattarov
3September 2, 2026 147 3






