FAROSAT ...tushunishingiz kerak. Ernest Xeminguey Hamma-hammasini… — ℬ𝒾𝓉𝒾𝓀𝓁𝒶𝓇𝒾𝓂 — TG.ME

​​FAROSAT

...tushunishingiz kerak.
Ernest Xeminguey

Hamma-hammasini tushunish mumkin,
Jazoirda yoqqan qalin qorni ham.
Yo‘qni ham tushunish mumkin o‘ylasang,
O‘ylasang, tushunish mumkin borni ham.

 “Salbiy muhit” yoki “yomon tarbiya”
O‘g‘rini tushunish mumkin bir kuni.
O‘g‘rini tushunib bo‘lgach, albatta,
To‘g‘rini tushunish mumkin bir kuni.

Ablahning qalbida nogoh uyg‘ongan
Diyonat, tushunsang, hayron qoldirmas.
O‘zingni baxsh etgan bir inson qilgan
Xiyonat, tushunsang, hayron qoldirmas.

Fahm etsang, sotqin xom
sut emgan jon,
Anglasang qotil ham emas hech erish.
Tushunsang, tushunsang, tushunaversang,
Hamma-hammasini zarur kechirish.


Tushuna oldi dunyo. Lekin buning-chun
Kim uqubat chekar, kim tortar azob.
Xoinlar, sotqinlar qilmishi uchun
Kim oladi, axir, oliy bir jazo!

Tushunsang, ko‘zlaring oldiga kelar
Ham do‘zax, ham jannat, hamda arosat,
Oyog‘i shohsupa, bo‘yni sirtmoqda,
Manglayin miltiqqa tutgan Farosat!..

Matnazar Abdulhakim
@QonliBitiklarim 🍓
❤5🍓1🤩11
September 29, 2026 110