Hikoya XOTIRJAMLIK Televizor tomosha qilib o‘tirgan edim... Sochlari… — Madaniyat vaziri matbuot kotibi | Sirojiddin O‘sarov — TG.ME

#Hikoya

XOTIRJAMLIK


Televizor tomosha qilib o‘tirgan edim...

Sochlari oqargan, yuzlarida ajin bo‘lsa ham juda nurli bir bobo televizor ko‘rayotgan edi. Piyola va choynak ko‘tarib bir bolakay kirib keldi. Hoynahoy nabirasi bo‘lsa kerak.

Daf’atan Bobo televizorga termilib sezilar-sezilmas sekin pichirladi:

"Tangriga ming shukr, erkin bo‘ldik. Xotirjammiz. Tinchligimizga ko‘z tegmasin..!"

Bobo televizorga termilib shu so‘zlarni pichirlar ekan, nabirasi bir bobosiga, bir televizorga qarab nimagadir tushunmagandek bo‘lardi. Bobosiga bir piyola choy uzatarkan, bitta yutinib, savol berishga jazm etdi:

— Bobo, xotirjamlik nima degani?

— Bobosi nigohini televizordan olib, nabirasiga uzoq vaqt ma’noli termilib qoldi. Nabirasi esa, nima bo‘layotganini tushunmay o‘zini aybdor sezib, boshini yerga egdi. Sababi, bobo nabiralari bilan so‘z orqali emas, nigohlari bilan gaplashardi. Tabiatan kam gap, og‘ir, vazmin bo‘lsa ham, samimiy inson edi. Shunda bolakay sal iymanib, yana o‘sha savolni berdi:

— Bobo, tinchlik nima o‘zi? — Bobo ko‘zlaridan ko‘zoynagini yechib, samimiylik bilan:

— Bolajonim, boring, yasanib chiroyli yigit bo‘lib chiqing. Siz bilan bitta joyga o‘tib kelamiz. — dedi.

— Qayerga boramiz, bobo. Axir savolimga javob bermadingiz.

— Borganda bilasiz... — deb ko‘z qisib qo‘ydi.

Bobosining ko‘z qisgani bolakayni xursand qildi.
Ular yo‘lga tushishdi. Bobo juda o‘ychan edi. Bolakay ham indamasdan bobosining qo‘lidan mahkam ushlab borardi.

Shunday qilib, bobo va nabira katta yo‘ldan o‘tish uchun chorrahaga kelishdi. Sal nariroqda esa, Yo‘l patrul xizmati xodimi bitta haydovchiga tushuntirish ishlari olib borardi. U serqatnov mashinalarni bir muddatga to‘xtatib, bobo va bolakayni yo‘lda o‘tkazib qo‘ydi. Bobo uning bu ishidan mamnun bo‘lib duo qildi. Yo‘l patrul xizmati xodimi boboga minnatdorlik uchun chest berib, o‘z ishini davom ettirdi. Shunda bobo nabirasiga qarab, ma’noli jilmaydi.

Ular yo‘lida davom etayotib, uzoqdan harbiy qasamyod bajo keltirayotgan askarni ko‘rib qolishdi. Askarning har so‘zida o‘zgacha g‘urur, tavozelik sezilib turardi. Bobo yana nabirasiga qarab, nigohini askarga yo‘naltirdi. Bolakay asta-sekin jarayonni anglab borardi.

Shunday qilib bobo, nabirasi bilan o‘zi tahsil olgan maktabga keldi. Bu yerning katta futbol maydonchasida yosh bolalar varrak uchirar, qizlar adras ko‘ylaklarda, yigitlar esa, milliy do‘ppi va choponlarda kuy qo‘shiqlarga raqsga tushishardi. Sal narida esa, yoshi katta ayollar sumalak qaynatardi. Bobo ularga o‘zgacha muhabbat bilan termilar, ko‘zlarida shukronalik tuyg‘usi bilinib turgan edi.

Ular yana yo‘lida davom etishdi. Bobo va nabira bir og‘iz ham suhbatlashmagan ersa-da, nigohlari orqali bir-birini yaxshi anglardi. Shunda ular bayrog‘imiz hilpirab turgan joyga borishdi. Bayrog‘imizga uzoq vaqt termilib turdilar. Shunda bobo ham, nabira ham sportchilarimizning jahon arenalarida birinchi o‘rinni egallagani hamda bayrog‘imiz yuqoriga ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganini bir qur yodga olishdi. Sekin-asta kamera tepaga harakatlana boshladi. Yarim quyosh va bulutlar bag‘ridan shunday so‘z ko‘rinish berdi:

"Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!"

🖋 Otabek RAHIM


🔹Telegram 🔹Instagram
👍1🔥1🇺🇿1
September 3, 2026 571 4