USTOZDAN KELAJAK SHIFOKORLARIGA MUROJAAT!
Aziz o‘quvchilarim! Kelajak shifokorlari!
Bugun sizlarga oddiy dars haqida emas, KELAJAGINGIZ haqida gapirmoqchiman.
Sizlarning ko‘pchiligingizning qalbingizda bitta katta orzu bor:
“MEN SHIFOKOR BO‘LAMAN!”
Bu juda chiroyli orzu. Lekin bir narsani hozirdanoq anglab oling:
SHIFOKOR BO‘LISHNI ORZU QILISH BOSHQA,
SHIFOKOR BO‘LISHGA MUNOSIB BO‘LIB YETISHISH — BUTUNLAY BOSHQA!
Bugun oldingizda turgan kimyo masalasi sizga qiyin tuyulishi mumkin. Biologiyadagi mavzular ko‘pligidan charchashingiz mumkin. Ba’zan bitta masalani qayta-qayta ishlab ham tushunmasligingiz mumkin. Ana shunday paytda sizning haqiqiy sinovingiz boshlanadi.
Kuchli o‘quvchi hamma narsani birdan tushunadigan o‘quvchi emas. Kuchli o‘quvchi — tushunmasa ham tashlab ketmaydigan o‘quvchi!
Yiqilsa — turadigan! Xato qilsa — tuzatadigan! Bilmasa — o‘rganadigan! Charchasa — biroz dam olib, yana davom etadigan! Boshqalar taslim bo‘lganda ham maqsadidan voz kechmaydigan o‘quvchi!
Farzandlarim... Har yili minglab yoshlar: “Men shifokor bo‘laman!” — deb yo‘lga chiqadi. Lekin ularning hammasi ham manzilga yetib bormaydi...
Kimdir telefonini qo‘lidan qo‘ya olmaydi. Kimdir bugungi vazifasini ertaga qoldiradi. Kimdir birinchi qiyinchilikdayoq: “Men eplay olmayman shekilli...” — deb ortga qaytadi. Kimdir bir necha oy harakat qiladi, natija tez kelmagach maqsadini almashtiradi.
Vaqt o‘tib, bir paytlar bir xil orzu bilan yo‘lga chiqqan o‘quvchilarning orasidan eng sabrli, eng intizomli va eng mehnatkashlarigina oxirigacha yetib boradi.
SHIFOKORLIK TASLIM BO‘LADIGANLAR UCHUN EMAS!
Bir narsani tasavvur qiling... Yillar o‘tadi. Siz ulg‘ayasiz. Bir kuni ustingizda oppoq shifokor xalati bo‘ladi. Qarshingizda esa sizdan yordam kutayotgan inson turadi. U sizga umid bilan qaraydi. Balki uning onasi: “Doktor, farzandimni asrab qoling...” — deb sizdan yordam so‘raydi.
Ana o‘sha kuni sizdan hech kim: “Maktabda kimyodan necha baho olarding?” — deb so‘ramaydi. Sizdan BILIM kerak bo‘ladi. Sizdan MAS’ULIYAT kerak bo‘ladi. Sizdan TO‘G‘RI QAROR kerak bo‘ladi. Chunki o‘sha paytda sizning qaroringiz ortida INSON HAYOTI turishi mumkin!
Shuning uchun bugun o‘rganayotgan oddiy mavzularingizga ham befarq qaramang. Bugun yodlay olmayotgan karra jadvalingizdan boshlang! Kimyo va biologiyani mukammal o‘rganish uchun matematik savodxonligingizni mustahkamlang.
Men sizlarga yuborgan video darslarni shunchaki ko‘rib chiqmang! DAFTARINGIZNI OCHING! YOZING! FIKRLANG! TUSHUNMAGAN JOYINGIZNI QAYTA KO‘RING! SAVOL BERISHDAN UYALMANG!
Bugun sizdan hech kim buyuk natija talab qilmayapti. Lekin sizdan HAR KUNI KECHAGIDAN BIR QADAM OLDINGA YURISH talab qilinadi.
Bir kun 10 ta masala. Keyingi kun yana 10 ta. Bir mavzu... Yana bir mavzu... Bir oy... Bir yil... Shunday kunlarning yig‘indisi bir kuni sizni katta maqsadingizga olib boradi.
KATTA G‘ALABALAR BIR KUNDA QO‘LGA KIRITILMAYDI. ULAR HAR KUNI QILINGAN KICHIK MEHNATLARDAN QURILADI!
Shunday kunlar ham keladiki, charchaysiz. Natijangizdan ko‘nglingiz qoladi. Balki atrofingizdagilar sizga ishonmay qo‘yishi ham mumkin. Lekin o‘sha paytda bitta inson sizga ishonishi shart. U — O‘ZINGIZ!
Maqsadingizni eslang! Ota-onangizning sizga bildirgan umidini eslang! Va bir kun kelib ustingizga kiyadigan oppoq shifokor xalatingizni ko‘z oldingizga keltiring!
Bugungi uyqudan voz kechilgan bir soat... Bugungi yechilgan o‘nta masala... Bugungi o‘rganilgan bitta mavzu... ERTAGA SIZNING TAQDIRINGIZNI O‘ZGARTIRISHI MUMKIN!
SHIFOKOR BO‘LISH — HAR KIMGA HAM EMAS!
Shifokorlik — sabr qiladiganlarga! Shifokorlik — mehnatdan qochmaydiganlarga! Shifokorlik — vaqtini qadrlaydiganlarga! Shifokorlik — yiqilganda yana turadiganlarga! Shifokorlik — maqsadini bahona va dangasalikka almashtirmaydiganlarga!
Va eng muhimi... SHIFOKORLIK — INSON HAYOTIGA MAS’UL BO‘LISHGA TAYYOR INSONLARGA!
Aziz o‘quvchim! Agar haqiqatan ham shifokor bo‘lishni istasang, BUGUNDAN BOSHLА! Dushanbadan emas. Keyingi oydan emas. Yangi o‘quv yilidan emas. BUGUNDAN! HOZIRDAN!
Forwarded fromMaxmudov Azamat uzmobile
August 30, 2026 160 1