Oregon shtati 1-sentabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon… — Ўзбекистон Республикаси Транспорт вазирлиги — TG.ME

Forwarded fromRARasmiy axborot
🇺🇸 Oregon shtati 1-sentabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi

📆 AQShning Oregon shtati gubernatori Tina Kotek 2026-yil 1-sentabrni shtat miqyosida “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” (Uzbekistan Independence Day) deb rasman e’lon qildi. Tegishli proklamatsiya Oregon davlat kotibi Tobias Rid tomonidan ham tasdiqlangan.


Mazkur qaror O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qabul qilingan. Proklamatsiyada mamlakatimizning suverenitetini mustahkamlash, boy madaniy merosini asrab-avaylash, tinchlik va farovonlikni ta’minlash, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni izchil amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlari qayd etilgan.

Hujjatda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligi va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni, shuningdek, O‘zbekiston–AQSh munosabatlarining savdo, investitsiyalar, texnologiyalar, ta’lim, toza energetika, turizm va xalqlararo almashinuvlar yo‘nalishlarida kengayib borayotgani e’tirof etilgan.


O‘zbekiston Mustaqilligi kunining AQShning butun bir shtati miqyosida rasman e’tirof etilishi mamlakatimizga bo‘lgan xalqaro e’tibor va O‘zbekiston–AQSh munosabatlari tobora kengayib borayotganining muhim ifodasidir.


📌Ma’lumot uchun, Oregon AQShning Tinch okeani sohilidagi muhim iqtisodiy va texnologik markazlardan biri bo‘lib, shtat aholisi 4,3 milliondan ortiq. Shtatda yuqori texnologiyalar, xususan, yarimo‘tkazgichlar sanoati rivojlangan bo‘lib, Intel kompaniyasining yirik ilmiy-ishlab chiqarish majmuasi ham shu hududda joylashgan.


Prezident Administratsiyasi rahbarining shartnoma asosida jalb qilinadigan maslahatchisi, Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov ushbu tashabbus uchun amerikalik hamkorlarimizga samimiy minnatdorlik bildirdi.

https://t.me/Rasmiy_axborot_official
August 29, 2026 993 2