Tabrik Toshkent tumani hokimi Sardorbek ERGASHEVning bayram tabrigi… — KELES | Rasmiy — TG.ME

#Tabrik

Toshkent tumani hokimi Sardorbek ERGASHEVning bayram tabrigi

Assalomu alaykum, qadrli tumandoshlar!

Bu yil Vatanimiz istiqlolining shonli o‘ttiz besh yilligini “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida zo‘r shodu xurramlik bilan nishonlamoqdamiz. Shu munosabat bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni eng ulug‘ va aziz bayramimiz bilan chin qalbimdan tabriklab, o‘zimning samimiy va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida muhim ishlar bajarildi, xalqimiz o‘zining mustahkam irodasi va matonati, beqiyos salohiyatini namoyon etib, tarixan qisqa fursat ichida ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi. Bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va madaniy muhit paydo bo‘lganligini barchamiz o‘z hayotimizda ko‘rib, bilib turibmiz. Islohotlar doirasida qabul qilingan yirik dasturlar jamiyatimizda ijtimoiy muhitni yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, keyingi o‘n yillar yurtimiz tarixida o‘chmas izlar qoldirmoqda. Uchinchi Renessansning aynan shu davrda hayotimizga kirib kelganligi jamiyatimizning ma’naviy uyg‘onishiga turtki bo‘ldi. Ma’naviy uyg‘oq jamiyatni, o‘z oldiga ulkan vazifalar qo‘yib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni esa hech kim o‘z yo‘lidan to‘xtata olmaydi.

Tumanimiz bundan o‘n yillar oldin qanday edi-yu, hozir qanday bo‘ldi? Buni alohida ta’riflashga hojat bo‘lmasa kerak. Chunki bu katta o‘zgarishlar har bir fuqaromiz ko‘z o‘ngida yaqqol namoyon bo‘lib, kun o‘tgani sayin beqiyos manzara kasb etib bormoqda. Hayotimiz, turmush tarzimiz, fikrlashimiz, dunyoqarashimizning ijobiy tomonga o‘zgarayotganligi, o‘z hayotimizdan rozi bo‘lib yashayotganimiz... Bularning barchasi Istiqlol sharafatidan. Shu aziz, ozod va obod yurt barchamizniki ekan, uni ko‘z qorachig‘ideks asrash, yuksaltirish, kelajak avlodga munosib meros qoldirish har birimizning muqaddas burchimizdir.

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

✅Telegram ✅Facebook 🌐Instagram 📹YouTube 🌐Website
❤5👍3🔥2👏1
August 31, 2026 1K 3 3