QISHLOQDAN TURIB AMAL QILAVER! Bir a’robiy Nabiy sallollohu alayhi va… — Ilm duri — TG.ME

📝QISHLOQDAN TURIB AMAL QILAVER!

   Bir a’robiy Nabiy sallollohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib hijrat qilmoqchi ekanligini aytdi. Nabiy sallollohu alayhi va sallam unga dedilar:
-Holingga voy bo‘lsin! Hijrat ishi qiyin. Sening tuyang bormi?
A’robiy dedi:
-Ha!
-Uning zakotini berasanmi?
-Ha!
-Uni birovlarga berib turasanmi? (ya’ni, zakotdan tashqari uni birovlarga sutini sog‘ib ichishi va boshqa narsalarda ishlatishi uchun berib turasanmi?)
-Ha!
-Unda qishloqdan turib amal qilaver. Alloh taolo sening amalingni kamaytirib qo‘ymaydi!

   Imom Navaviy rohimahulloh bu hadisning sharhida shunday deydi:
“A’robiy so‘ragan hijratdan maqsad, sahroda  ahli-ayolini tashlab Madinada Nabiy sallollohu alayhi va sallam bilan birga yashashdir. Nabiy sallollohu alayhi va sallam a’robiylarning vatanini sog‘inishini bilganlari uchun uning bu ishga sabri yetmasligidan, buning haqqini ado qila olmasligidan qo‘rqdilar!”.
   Bundan maqsad shuki, inson uyida yashasa ham Nabiy sallollohu alayhi va sallamning huzurlariga hijrat qilganning savobini olishi mumkin ekan. Kishining qayerda yashashi, kim bilan yashashi muhim emas. Muhimi uning nima qilishi, qanday ibodat qilishi va uning qalbining qanday bo‘lishidir!
   Munofiq Ubay ibn Salulga Madinada yashashi, bomdodni masjidda Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning ortlarida o‘qishi foyda bermadi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamni ko‘zi bilan ko‘rish dunyodagi eng buyuk xazina bo‘lsada, o‘sha paytda arab sahrolarida yashagan, Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga iymon keltirgan qariyalar va kampirlarga Madinada yashamaganligi zarar bermagan!
   Inson o‘zining solihligi yoki buzuqligini o‘zi yashab turgan makonga bog‘lamasligi lozim. To‘g‘ri, atrof-muhit juda muhim. U insonni toatga yoki ma’siyatga undaydi. Ammo savob nafsga qarshi kurashishdadir!  
   Bu sayyorada shunaqangi vaqtlar bo‘ldiki, yer yuzida Allohga faqatgina Ibrohim alayhis salomning o‘zlari Allohga ibodat qildilar. Muso alayhis salomning vaqtlarida Fir’avnning a’yonlaridan bir kishi iymonini yashirib Muso alayhis salomni himoya qilgan edi!
   Biz o‘zimizning solih yoki buzuq bo‘lishimizni birga yashaydigan kishilarga bog‘lamasligimiz kerak. Fir’avn “Men sizning oliy robbingizman!”, der edi. uning yonidagi xonada xotini Osiyo esa Allohga sajda qilib “Subhana Robbiyal a’lo”, der edi. 
  Aziz singlim! Turmush o‘rtog‘ingiz qanchalar ma’siyatga botgan bo‘lmasin, uning gunohlari Fir’avnning gunoh dengiz oldida bir tomchidir. To‘g‘ri, solih er xotiniga toatda yordamchi bo‘ladi, ammo sizning gunoh qilishingiz uchun osiy er sababchi deb biror kishi aytgan emas. Bahona qilmang!
   Allohning payg‘ambari bo‘lmish Nuh alayhis salomning xonadonida kofira ayol bor edi. Allohning payg‘ambari bo‘lmish Lut alayhis salomning xonadonida ham kofira ayol bor edi. Bu ayollar ikki buyuk payg‘ambarni toatdan chalg‘ita olmagan edi. Hatto tarixdagi eng mashaqqatli vazifa bo‘lmish payg‘ambarlik va tablig‘ vazifasidan ham chalg‘ita olmagan edi!
   Xotiningiz qanchalar yomon xulqli  va osiy bo‘masin, Nuh va Lut alayhis salomlarning xotiniga yeta olmaydi. Kufrdan o‘tadigan gunoh yo‘q. Bahona qilmang!
   To‘g‘ri, soliha xotin toatga yordamchi bo‘ladi. Ammo uning nuqsoni sizga ham nuqsonni muboh qiladi deb kim aytdi?!
   Oxirgi nuqta:
Dunyodagi har-bir oilada solih va osiy bor. Osiyoning zolim eri bor edi. Nuh va Lut alayhis salomlarning kofira xotinlari bor edi. Ibrohim alayhis salomning kofir otalari bor edi. Nabiy sallollohu alayhi va sallamning Abu Lahab ismli amakilari bor edi. Alloh taolo uni Qur’oni karimda yomonlagan. Biz boshqalarni qarindoshlari bilan ayblamasligimiz lozim!

📚 @ilm_duri
👍26🤗5😢3😇1
September 4, 2026 1.6K 25