Shodiyor | Grants Hunter: #18334-post — TG.ME

Longread post: Men huquq sohasida tadqiqot olib boradigan odam sifatida ko‘p o‘ylaydigan savollardan biri — kuch qachon hokimiyatga, hokimiyat esa qachon zulmga aylanadi?

Huquqshunoslikda bu savolni ko‘pincha davlat misolida ko‘ramiz: hokimiyatlar bo‘linishi, checks and balances, konstitutsiyaviy cheklovlar, sud nazorati va boshqa mexanizmlar orqali bir qo‘ldagi kuchning mutlaq hokimiyatga aylanishining oldini olishga harakat qilinadi.

Lekin men bu masalani faqat davlat darajasida ko‘rmayman. Menimcha, kuch va uni tiyib turish muammosi inson hayotining ancha kichik institutlarida ham mavjud — hatto oilada ham.
Aristotel Politics asarida davlatni tahlil qilishdan oldin household — oikosni tahlil qiladi.
U davlat householdsdan tashkil topishini aytib, oiladagi munosabatlarni ham hokimiyat va boshqaruv nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi. Hatto householdni ma’lum ma’noda “monarxiya” sifatida tasvirlaydi. Albatta, Aristotelning ayol va erkak o‘rtasidagi hokimiyat haqidagi qarashlarini bugungi mezonlar bilan qabul qilib bo‘lmaydi. Ammo uning asosiy metodologik savoli men uchun hanuz qiziq: hokimiyat mavjud bo‘lgan joyda uni qanday qilib to‘g‘ri yo‘naltirish mumkin?

Shu sababli men oila qurishga ham biroz shu prizma orqali qarayman.

Oilada qandaydir shaklda hokimiyat, mas’uliyat va ta’sir bo‘lishi tabiiy. Menimcha, masala “kim hukmron?” degan savoldan ko‘ra, “qo‘lidagi kuchdan qanday foydalanadi?” degan savolda.

Chunki insonning kuchi uning yaxshi paytidagina emas, jahli chiqqanida ham namoyon bo‘ladi. G‘azab paytida qo‘lidagi kuchni bosimga, qo‘rqitishga yoki zulmga aylantirmaslik — menimcha, hokimiyatning haqiqiy sinovi.

Shuning uchun men uchun erkak kishining oila qurishga tayyorlikning bir belgisi shunchaki moddiy imkoniyat, mas’uliyatni ko‘tara olish yoki “oila boshlig‘i” bo‘lishga tayyorlik emas. Balki o‘zingdagi kuchdan qo‘rqish kerak bo‘lgan vaziyatlarda ham uni tiyib tura olishga ishonch hosil qilishdir.
Ya’ni, “men kuchliman” deyishdan ko‘ra: “Men qo‘limdagi kuchni g‘azabimga topshirib qo‘ymayman”, deb ayta olish.
Davlatda konstitutsiya hokimiyatni cheklaydi. Oilada esa konstitutsiyadan ham oldinroq ishlaydigan narsa bor: insonning o‘zini o‘zi cheklashi, adolat hissi va qarshisidagi insonning qadr-qimmatini tan olishi.
Menimcha, haqiqiy kuch — hukmronlik qila olish emas. Haqiqiy kuch — hukmronlik qilish imkoniyating bo‘la turib, zulm qilmaslikdir.

@grants_hunter - join us!
1❤27🔥17💯8👍4⚡2💘2❤‍🔥1