Diyorjon | Dasturlash & AI: post #627 — TG.ME

Diyorjon | Dasturlash & AIPhoto
🧠 Boshda fikr ko'p, tartib yo'q — mind map (Mind mapping)

Yangi loyiha yoki katta reja boshlayapsiz. Boshingizda o'nlab fikr aylanadi: "bu ham kerak, u ham muhim... xo'sh, nimadan boshlayman?" Ro'yxat yozib ko'rasiz — uzun chiqadi, umumiy manzara baribir ko'rinmaydi. Tanish holatmi? Shunday paytda eng qo'l keladigan usul — mind map, ya'ni fikrlar xaritasi.
Mohiyati juda oddiy: varaq o'rtasiga asosiy mavzuni yozasiz, undan katta yo'nalishlarni shox qilib chiqarasiz, har bir shoxni esa mayda bo'laklarga bo'lasiz. Xuddi daraxtga o'xshaydi. Gap shundaki, miyamiz ham ma'lumotni ro'yxat shaklida emas, aynan shunday bog'lanishlar orqali saqlaydi. Tadqiqotlarga ko'ra, mind map bilan o'rganilgan ma'lumot oradan bir hafta o'tganda ham odatiy usullarga qaraganda 10% ga yaxshiroq esda qolarkan.

Xo'sh, qanday chiziladi? 4 ta oddiy qadam 👇

1️⃣ Markazga asosiy mavzuni yozing.
Bitta so'z yoki qisqa ibora yetadi: "Kurs", "Imtihon", "Yangi loyiha". Yoniga kichik rasm chizib qo'ysangiz — yanada yaxshi, miya rasmni tezroq eslab qoladi.

2️⃣ Undan 3–5 ta katta shox chiqaring.
Bular mavzuning asosiy yo'nalishlari. Ko'paytirib yubormang: shoxlar ko'p bo'lsa, xarita ham boshingizdagi kabi chalkashib ketadi.

3️⃣ Har bir shoxni mayda bo'laklarga bo'ling.
Shu yerda bitta sir bor: uzun gaplar emas, kalit so'zlar yozing. "React'ni o'rganish kerak bo'ladi" emas, shunchaki "React".

4️⃣ Har bir yo'nalishga o'z rangini bering.
Rang chiroyi uchun emas — bir qarashda qaysi fikr qaysi yo'nalishga tegishli ekanini ko'rsatib turadi.

Yaqinda o'zim ham shu usuldan foydalandim. Yangi Full-Stack .NET + AI kursim ustida ishlaganimda boshda hammasi aralash edi: C# darslari, React, AI, o'qitish tartibi... Hammasini bitta xaritaga tushirdim: markazda kurs, atrofida 4 ta yo'nalish — va 5 oylik reja bitta varaqga sig'di. Natijani yuqoridagi rasmda ko'rishingiz mumkin 👆

P.S. Mind map uchun maxsus dastur shart emas — oddiy qog'oz va ruchka ham bo'laveradi. Keyingi safar boshingiz qotib qolsa, ro'yxat emas, xarita chizib ko'ring — farqini o'zingiz sezasiz.

Telegram |Youtube
🔥2🎉1
July 15, 2026 363 5