O'zbekistonliklarning ko'payishidan tashvishga tushganlar.
Aholi soni, demografiya, iqtisodiyot mavzusida juda ko'p marotaba gapirganmiz, yozganmiz. Yana bir bor qaytishga majburman. Bugun Potrebiteli.uz kanali egasi Liliya Nikolenko yozgan xabarga ko'zim tushib qoldi. Unda bola tug'ish bo'yicha chempionligimiz, lekin bola sifati bo'yicha autsayder ekanligimiz aytilib, O'zbekistonda aholi soni oshib ketayotganidan tashvishda ekanligini aytibdi. Izohlarda ham, ayollar trubasini yana bog'laylik, Xitoy kabi bolalar soniga cheklov qo'yaylik degan fikrlarni qoldirishibdi.
Nikolenko xonimning har bir gapi xato. Birinchidan, har uchinchi yosh ishsiz yoki bilimsiz deyish xato statistika. O‘zbekistonda norasmiy bandlik juda katta ko‘rsatkichni tashkil qilishini hamma biladiku. Qog‘ozda "ishsiz" hisoblangan yuz minglab yoshlarimiz tinimsiz mehnat qiladi: O'zbekistonda ham, tashqarida ham - kimdir kirakashlik qiladi, kimdir ustachilik yoki qurilishda, yana kimdir bozorda savdo qiladi, dehqonchilik yoki frilans bilan shug‘ullanadi. Ular tekinxo‘r emasku, o‘z aravasini o‘zi tortayotgan, oilasini boqayotgan mehnatkashlardir. Davlatni ro'yxatidan o'tmagani ularni Liliya Nikolenko aytayotgandek "xavf"ga aylantirmaydi.
Ikkinchidan, inson tovar emas. Farzandlarni zavod mahsuloti kabi miqdor va sifat mezonlari bilan o‘lchash mutlaqo noto‘g‘ri va hurmatsizlikdir. O‘zbekistonda har bir ota-ona bolasiga eng yaxshisini ilinadi, o‘z yemaganini yedirib, kiymaganini kiydiradi.
Uchinchidan, ota-onalarni "faqat tug'ishni biladi, o‘qitishni emas" deb ayblash adolatdan emas. Zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan maktablar, kasb-hunar markazlari va oliy ta’lim muassasalarida o'qish imkoniyati hammada bo'lishini ta'minlash bu tizimli vazifa. Ota-ona imkoniyat darajasida harakat qiladi, lekin infratuzilmani yaratish davlatning ishi. Maktab, bog'cha yetarlicha qurilmayotgani uchun davlatni so'roq qilsin, talab qilsin, ota-onalarni ayblamasdan. Ota-onani ayblash oson-da?
To'rtinchidan, va eng muhimi aholining tez sur’atlar bilan o‘sishi - bu bizning ustunligimiz (demografik dividend). Yoshlarimizni "sifatsiz omma" va "xavfli armiya" deb atashdan ko‘ra, ularning yashirin iqtisodiyotdan rasmiy mehnat bozoriga o‘tishlari uchun qulay sharoit va munosib ish o‘rinlari yaratish haqida o‘ylash kerak.
Yoshlarimiz va o'sayotgan aholi soni - jamiyat uchun xavf emas, balki mamlakatning eng asosiy boyligidir.
Shu kabi gaplarni qilayotganlar biroz o‘ylab ko‘rsa, aholi soni oshayotganidan faqat foyda ko‘rishadi. Ularning nonini hech kim olib qo‘ymaydi, aksincha ko‘paytiradi. Pensiyasini yoshlar to‘laydi, iqtisodiy faollikni yaratadi, uy quradi, ovqat qiladi, yetkazib beradi, innovatsiya qiladi, dars beradi... Ertaga Xudo ko‘rsatmasin demografik inqirozga duchor bo‘lib qolib, misol uchun pensiya yoshini ko‘tarishga majbur bo‘linsa o‘zlari keyin voydod qilishadi.
@uzbekonomics