Nasaf” TIF bojxona posti zamonaviy talablar asosida qurilgan yangi… — O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasining rasmiy axborot kanali — TG.ME

“Nasaf” TIF bojxona posti zamonaviy talablar asosida qurilgan yangi ma’muriy binoda ish faoliyatini yo‘lga qo‘ydi, mavjud bojxona ombori esa qayta ta’mirlandi

Qarshi shahridagi “Nasaf” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yangi ma’muriy binoda ish faoliyatini boshladi. Binoda bojxona xodimlarining samarali xizmat olib borishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilib, xizmat xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.

Shuningdek, bojxona nazorati ostidagi tovarlar saqlanadigan ombor qayta ta’mirlanib, hudud obodonlashtirildi. Yangilangan ombor tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun tovarlarni bojxona nazorati ostida saqlash va bojxona tartib-taomillarini samarali amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirdi.

“Nasaf” TIF bojxona postida tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi ortib bormoqda. Joriy yilning 8 oyi davomida postda 1 964 marotaba bojxona ko‘rigi o‘tkazilib, mazkur jarayonlar samarasida davlat budjetiga 377 milliard 400 million so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlari o‘tkazildi.

Mazkur ko‘rsatkichlar va yaratilgan zamonaviy sharoitlar “Nasaf” TIF bojxona postining xizmat samaradorligini oshirish, davlat budjeti daromadlarini shakllantirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
September 4, 2026 2K 8