xalqaro_hamkorlik Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i… — O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasining rasmiy axborot kanali — TG.ME

#xalqaro_hamkorlik

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Z.Turdaliyev boshchiligida mas'ullar ishtirokida Bojxona qo‘mitasining Xitoy Xalq Respublikasidagi rasmiy vakili K.Kadirov va Turkiya Respublikasidagi rasmiy vakili K.Alijonova bilan videomuloqot tarzida uchrashuv tashkil etildi.


Uchrashuv davomida Xitoy Xalq Respublikasi va Turkiya Respublikasi bilan tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, eksport-import operatsiyalarida yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish hamda bojxona ma’murchiligini takomillashtirishga qaratilgan qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Xususan, tovarlar harakati bilan bog‘liq ma’lumotlar almashinuvini jadallashtirish, bojxona qiymatini aniqlash jarayonlarida zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida olish, tovarlarga oid hujjatlar va ulardagi ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlash maqsadida xorijiy hamkor tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborish tartiblari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, hududda amalga oshirilayotgan va istiqbolda rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda loyiha tashabbuskorlariga zarur ma’lumotlarni tezkor yetkazish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Videomuloqot davomida xorijiy davlatlardagi rasmiy vakillar tomonidan tadbirkorlar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari duch kelayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini soddalashtirish va axborot almashinuvining samaradorligini oshirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.


Ta’kidlanganidek, bunday muloqotlar bojxona organlari va xorijdagi rasmiy vakillar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlar uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish hamda mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
September 3, 2026 1.9K 5