Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida aholini qiynayotgan huquqiy va ijtimoiy masalalarga tezkor yechim topish maqsadida navbatdagi shaxsiy qabul tashkil etildi. Viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — Tergov boshqarmasi boshlig‘i tomonidan o‘tkazilgan ushbu muloqotda asosiy e'tibor fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratildi. Uchrashuvda fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan bevosita rahbariyatga yuzlanish imkoniga ega bo‘ldilar.
Qabul jarayonida o‘nlab fuqarolarning murojaatlari birma-bir tinglandi. Ularning aksariyati ishga kirish, oilaviy sharoitni yaxshilash va rahbariyatga minnatdorchilik bildirish, pul oldi-berdi munosabatlari, shuningdek, birovning nomiga kredit olib aldab ketish holatlari va tergov jarayonidan noroziliklar, ishga tiklanish kabi masalalardan iborat bo‘ldi. Mutasaddilar tomonidan har bir murojaatchining masalasi diqqat bilan o‘rganilib, ularga amaldagi qonunchilik asosida batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.
Muloqot natijasiga ko‘ra, tezkor hal etish imkoni bo‘lgan qator murojaatlar shu joyning o‘zida qanoatlantirilib, muammolar bartaraf etildi. Qo‘shimcha huquqiy tekshiruv va chuqur o‘rganish talab etiladigan murakkab holatlar esa alohida nazoratga olindi. Mazkur masalalar yuzasidan soha mas'ullariga aniq muddatli ko‘rsatmalar berilib, ijrosi qat'iy nazoratga olinganligi ta'kidlandi. Bu kabi ochiq uchrashuvlar fuqarolarning sarson bo‘lishining oldini olish bilan birga, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube









