Yana bir guruhimiz IELTS yo‘lini yakunladi. Rostini aytsam, bu yo‘l… — FAQ IELTS — TG.ME

Yana bir guruhimiz IELTS yo‘lini yakunladi.

Rostini aytsam, bu yo‘l oson bo‘lmadi. Na men uchun, na o‘quvchilarim uchun.

Lekin shu yo‘l davomida biz faqat IELTS o‘rganmadik. Biz birga yashadik, birga o‘sdik, birga kuldik, ba’zan charchadik, ba’zan tushkunlikka tushdik, lekin yana davom etdik.

Eng muhimi esa, biz o‘qishning o‘zidan zavqlanishni o‘rgandik.
SEVEN PLUS ACADEMY biz uchun shunchaki dars o‘tiladigan joydan koʻra koʻproq kichik bir jamiyatga aylandi, desak ham bo‘ladi.

Bu jamiyatda kimdir ingliz tilini tez o‘zlashtirdi, kimdir esa ko‘proq mehnat qildi. Kimdir gapirishga qiynaldi, kimdir esa boshqalarga motivatsiya berdi. Lekin har birimizning o‘z o‘rnimiz bor edi. Chunki bu yerda odamni faqat IELTS baliga qarab baholamadik. Kimdir tilga qobiliyatli bo‘lishi mumkin. Kimdir esa boshqa sohada kuchli. Muhimi, har bir insonning ichida ochilishini kutib turgan qandaydir qobiliyat bor. Men uchun ustozlikning eng chiroyli tomoni ham shu.

O‘quvchining avvaliga tortinib o‘tirib, vaqt o‘tishi bilan o‘z fikrini dadil ayta boshlaganini ko‘rish... Avval o‘ziga ishonmagan bolaning bir kuni kelib, “Men uddaladim”, deganini eshitish... Darsdan tashqari hayoti, orzulari, muammolari, rejalarini biz bilan bo‘lishayotganini ko‘rish...
Mana shular — IELTSdan ham qadrliroq. Chunki IELTS natijasiga bir kun erishiladi va hayotning keyingi sahifasiga o‘tiladi. Ammo shu jarayonda insonning o‘zi o‘zgaradi.
O‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi. Fikrini erkinroq ifodalaydi. O‘z imkoniyatlariga boshqacha qaray boshlaydi.

Men doim IELTS muhim emasligini aytganman. Ha, IELTS muhim emas. Chunki IELTS — maqsadning o‘zi emas. Mening eng katta xursandchiligim — o‘quvchilarimning faqat bal olgani emas, balki ularning o‘zlariga ishongan inson bo‘lib chiqayotganini ko‘rishdir. Azizlar, ushbu yoʻlda bizga ishonganingiz uchun katta rahmat!

Bu yo‘lni biz bilan birga bosib o‘tganingiz, bizga o‘z vaqtingizni, kuchingizni va ishonchingizni berganingiz uchun tashakkur.
Sizlarning har biringiz bu akademiyaning bir bo‘lagiga aylandingiz.

Shu o‘rinda o‘quvchilarimizning rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan insonlarni ham alohida e’tirof etmoqchiman:
- Laziz Oʻktamov — ko‘plab o‘quvchilarga ustozlik qilib kelayotgan, o‘z ishiga chin dildan yondashadigan ajoyib o‘qituvchi.
- Nozanin ustoz — o‘quvchilarimizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan jonkuyar support teacherimiz.
- Feruza ustoz va Saidamir ustoz — speaking club’lar orqali o‘quvchilarimizga yanada ko‘proq gapirish, fikrlash va o‘zini erkin ifodalash imkonini berayotgan ustozlarimiz.
- Va, albatta, bu jarayonda bevosita yoki bilvosita ishtirok etayotgan barcha jamoamiz a’zolariga ham katta rahmat. Sizlarning har biringiz bu hikoyaning bir qismisiz.

Va nihoyat, yana bir narsani aytmoqchiman.

IELTS — bu shunchaki bir natija.
6.5, 7.0 yoki 8.0 olish — albatta, quvonarli. Lekin menimcha, eng katta natija — shu ball ortida turgan inson. Bizning birga o‘tkazgan vaqtimiz, suhbatlarimiz, kulgilarimiz, qiyinchiliklarimiz, bir-birimizdan o‘rganganlarimiz... Mana shu — bizning haqiqiy yutug‘imiz.

Bugun yana bir guruh IELTS yo‘lini yakunladi. Lekin menimcha, bizning hikoyamiz bu bilan tugamaydi. IELTSga tayyorgarlik tugashi mumkin, ammo bu yerda orttirilgan ishonch, do‘stlik, xotiralar va insoniy o‘sish davom etadi.

Barchangizga rahmat!

Birga tarix yaratishda davom etamiz. ❤️
❤23⚡7💯5🔥2👏2
September 1, 2026 103 7 1