UZULOY XAYDAROVA ✍️
O‘ZBEKISTON, QAYGA BORAYIN QOCHIB?
Ko‘nglimda ming savol, tilimda faryod,
Ko‘zimda yosh bilan qarayman, hayhot.
Yurtimning dardiga topolmay najot,
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Non izlab ko‘chaga chiqadi inson,
Bir yonda qarz-u g‘am, bir yonda armon.
Mehnat qilgan qo‘lga yetmasa imkon,
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Ota-ona kutar farzandin yo‘lda,
Farzandlar musofir — begona yurtda.
Sog‘inchlar yig‘laydi dastro‘mol qo‘lda,
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Kimdir boylik bilan quradi saroy,
Kimningdir dasturxoni ko‘rmas hatto choy.
Adolat izlaydi xoli bo‘lib, voy,
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Yoshlarning ko‘zida ming-ming bir tilak,
Ammo imkon izlab toliqar yurak.
Orzular ko‘milsa, kim bo‘lar kerak?
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Diplomi qo‘lida-yu, yigit ish izlar,
Kelajakdan xavotir o‘y surib qizlar,
Umid osmonini qoplagan muzlar,
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Narx oshar, maoshlar yetmaydi goho,
Ro‘zg‘orning tashvishi bo‘lar bir daryo.
Sabrdan boshqa ham bormi bir davo?
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Men sendan qochmoqmas, ey ona zamin,
Dardimni aytarman, taxir sho‘r ta’min.
Yurakda uyg‘onsin adolat — amin,
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Men qochsam, kim aytar xalqimning dardin,
Kim ko‘tarar elning ezilgan qaddin?
Kim asrar Vataning sha’ni sarhadin?
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Yo‘q, ketmasman, yurtim, darding bor ekan,
Yuragimda sening noming yor ekan.
Elimga umidli tonglar yor ekan,
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Qochmoq emas, kerak haqiqat so‘zi,
Uyg‘onsin adolat, ochilsin ko‘zi.
Yurtimning kelajagi — xalqning o‘zi,
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
Ey yurtim, dardingni kuylaydi qalbim,
Tushimda ko‘raman kelajak tabin,
Qochmayman — o‘zingda o‘lsam ham qabrim,
O‘zbekiston, qayga borayin qochib?
© Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan. She’rlarimni o‘g‘irlab, o‘z nomidan yozganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi, mualliflik huquqim himoya qilinadi, moddiy va ma’naviy tovon puli talab qilinadi.