Mustaqillik yillaridagi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni ko‘rgandim, yozishga vaqt bo'lmagandi.
Statistikalarga qarasak ko‘plab sohalarda juda katta o‘sish borligini ko‘ramiz. Lekin maktab va shifoxonalar sonining o'sishi mutanosib emas.
Masalan, 1991/92-o‘quv yilida O‘zbekistonda 8 557 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti bo‘lgan. 2025/26-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 11 118 taga yetgan. Ya’ni 34 yil ichida maktablar soni atigi 30 foizga oshgan.
Shifoxonalar bo‘yicha ham shunga o‘xshash holat: 1991-yilda 1 388 ta shifoxona bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda ularning soni 1 972 taga yetgan — o‘sish 42 foiz atrofida.
Bu raqamlarni boshqa ko'rsatkichlar bilan solishtiraylik.
1991-yilda O‘zbekiston aholisi 20,6 mln kishi edi. 2026-yilga kelib esa aholi 38,2 mln kishiga yetdi — qariyb 1,9 baravar o‘sdi.
Demak, aholi deyarli ikki baravar ko‘paygan bir paytda maktablar soni 30%, shifoxonalar soni esa 42% ga oshgan.
Qurilish hajmi 611 mln dollardan 25 mlrd dollargacha oshgan. 40 barobar ko'paygan. Lekin bu yangi maktab va shifoxonalar sonida unchalik aks etmagan.
Albatta, bu raqamlarning o‘zi ta’lim yoki tibbiyot sifati yomonlashganini anglatmaydi. Yangi maktablar o‘rniga yirik va sig‘imi katta maktablar qurilishi, mavjud shifoxonalarning kengaytirilishi yoki yangi tibbiyot muassasalarining boshqa toifalarda hisobga olinishi mumkin.
Lekin bitta savol baribir ochiq qoladi:
Aholi 35 yil ichida qariyb 18 million kishiga ko‘paygan bo‘lsa, ijtimoiy infratuzilma bu o‘sishga qanchalik moslashdi?
Iqtisodiyotning $6,4 mlrddan $147,1 mlrdgacha o‘sgani juda katta natija. Ammo iqtisodiy o‘sishning eng muhim o‘lchovlaridan biri — bu o‘sish odamlar uchun maktab, shifoxona va boshqa xizmatlarning mavjudligida qanchalik aks etayotgani.
Qurilish hajmi o‘nlab baravar oshgan, aholi qariyb ikki baravar ko‘paygan bir paytda, ijtimoiy infratuzilma nega bunday sur’atda o‘smagan?
Keyingi dekadada shifoxona-maktablar sonida ham sezilarli o'sish bo'lishiga umid qilamiz.
@akbarali_mansur1