ANDIJON DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTIDA “MUSTAQILLIK SOATI”… — Adpi.uz | Rasmiy kanal — TG.ME

ANDIJON DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTIDA “MUSTAQILLIK SOATI” O‘QUV-SEMINAR TRENINGI O‘TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Andijon davlat pedagogika institutida fakultet dekan o‘rinbosarlari hamda tyutorlar ishtirokida “Mustaqillik soati” o‘quv-seminar treningi tashkil etildi.

Mazkur seminar-treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mustaqillikning tarixiy ahamiyati, yurtimizda o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va erishilgan yutuqlar mazmun-mohiyatini chuqur anglash, shuningdek, ushbu tushunchalarni talaba-yoshlar orasida samarali targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar xususida atroflicha fikr yuritildi.

Shuningdek, yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy qadriyatlarimizga hurmat, yurt taqdiriga daxldorlik va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘ularini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar-trening jarayonida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zaro fikr va tajriba almashib, talaba-yoshlar bilan olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni mazmunan boyitish, “Mustaqillik soati” mashg‘ulotlarini zamonaviy va ta’sirchan usullarda tashkil etish bo‘yicha zarur tavsiya va tushunchalarga ega bo‘ldilar.

Tadbir yakunida mustaqillik — xalqimizning bebaho ne’mati, bugungi tinch va farovon hayotimiz hamda kelajak taraqqiyotimizning mustahkam poydevori ekani yana bir bor ta’kidlandi.

🟦Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring
🟦 Telegram 🟦 Facebook 🟦 Instagram 🟦 YouTube
❤7
September 2, 2026 2.1K 6 5