“Birinchi qo‘ng‘iroq” — bilim va ezgu orzular sari ilk qadam
Bugun, 2-sentabr kuni yurtimizdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi 2026–2027-o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Shunday tadbirlardan biri Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov ishtirok etdi. E’tiborlisi, rektor aynan shu maktabda tahsil olgan. Shu bois uning yillar o‘tib, o‘zi bilim olgan ta’lim maskaniga yangi o‘quv yilining ilk kunida tashrif buyurishi tadbirga o‘zgacha samimiy ruh bag‘ishladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ilxomjon Tuxtasinov maktab jamoasi, ustozlar, o‘quvchilar va ota-onalarni yangi o‘quv yili bilan samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida ta’lim va ilm inson hayotida muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, o‘quvchilarga bilim olish, izlanish va kelajak sari dadil intilishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Tadbirning eng quvonchli lahzalaridan biri birinchi sinfga qadam qo‘ygan jajji o‘quvchilarga “Prezident sovg‘asi”ning tantanali topshirilishi bo‘ldi.
Ilxomjon Tuxtasinov 1-sinf o‘quvchilarini maktab hayotidagi ilk qadami bilan samimiy tabriklab, ularga “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi hamda bilim olish yo‘lida omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, rektor tomonidan o‘zi tahsil olgan maktabga 100 dona kitob, vazirlik tomonidan tavsiya etilgan kitob va adabiyotlar, 5 turdagi 30 ta sport anjomlari hamda kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Mazkur sovg‘alar maktab kutubxonasini boyitish, o‘quvchilarning kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish, sport bilan shug‘ullanishlari hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Prezident sovg‘alari 216 nafar 1-sinf o‘quvchisiga yetkazildi.
Tadbir davomida Prezidentimizning maktab o‘quvchilari va ustoz-murabbiylarga yo‘llagan bayram tabrigi ham o‘qib eshittirildi.
Bir paytlar shu maktabda o‘quvchi bo‘lgan insonning bugun o‘zi bilim olgan dargohga qaytib, yosh avlod bilan uchrashgani, ularga ezgu tilaklar bildirgani va ta’lim maskaniga qimmatli sovg‘alar taqdim etgani tadbirga alohida mazmun bag‘ishladi.
Telegram | Instagram | Facebook | Sayt












