Aksariyat ekspertlar qayd etishicha, Hoʻrmuz bo‘g‘ozining ochilishi… — Strategic Focus: Central Asia — TG.ME

Aksariyat ekspertlar qayd etishicha, Hoʻrmuz bo‘g‘ozining ochilishi masalasi bugun Eron-AQSh qarama-qarshiligida Tehronning eng muhim bosim vositasiga aylanmoqda.

Urushgacha bo‘lgan davrda jahon dengiz orqali tashiladigan neft savdosining 20-25% va suyultirilgan tabiiy gazning qariyb 20% aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tardi. Oddiy sharoitda bu yerda kuniga qariyb 85 ta kema harakatlangan. 23-avgust kuni esa atigi 3 ta tranzit qayd etildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, 17-23 avgust kunlari bo‘g‘oz orqali jami 121 ta kesib o‘tish qayd etilgan. Shu bilan birga, kemalarning qariyb 80% identifikatsiya tizimlarini o‘chirgan holda harakatlangan. Harbiy xavf sug‘urtasi mukofoti esa kemaning qiymatiga nisbatan 7,5-10%gacha ko‘tarilgan. Urushgacha bu ko‘rsatkich 1-3% edi.

Vashington esa dengiz blokadasini kuchaytirmoqda: hududda 20 dan ortiq harbiy kema, qariyb 1500 ta eskort kema mavjud. Taxminan 750 mln barrel neft xavfli hududdan chiqarilgan.

Biroq Tehron blokada sharoitida ham neft eksportini davom ettirish imkoniyatiga ega ekanini ta’kidlamoqda. Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Muhsin Rizoiy bir-ikki oy ichida blokadani chetlab o‘tib 70 mln barrel neft sotilganini ma’lum qilgan.

Shu sababli AQShning 30 avgust kuni Larak oroliga bergan zarbasi oddiy harbiy operatsiyadan ko‘ra muhimroq.

Vashingtonning da’vosiga ko‘ra, aynan shu hududda Hoʻrmuz bo‘g‘oziga dengiz minalarini joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Fors ko‘rfazida kamida 6000 nafar dengizchi qolib ketgan, 19 kishi halok bo‘lgan, kemalarga qarshi kamida 70 ta hujum qayd etilgan.

Demak, Hoʻrmuz endi nafaqat harbiy, balki global energetika uchun ham asosiy kurash maydoniga aylandi. Eron Hoʻrmuz orqali kemalar harakatiga ta’sir qila olar ekan, Tehron Vashingtonni o‘z manfaatlarini hisobga olishga majbur qiladigan eng muhim vositalardan birini saqlab qoladi.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
❤4👍1🔥1
August 31, 2026 4.7K 1