JIMLIK ILMI
Kaftingni siqqanday Xoʼjai Xizr
unvonlar seniki,
minbar seniki,
seniki,
shaharning eng suluv qizi.
Faqat sen jim yasha –
Hammasi goʼzal!
Nodonlar oʼlimin boʼyniga olib,
arzimas vijdonga sotilib ketar.
Huda-behudaga hayqiriq solib,
oqibat itdayin otilib ketar.
Faqat sen jim yasha –
Hammasi goʼzal!
Haqiqat tilanma oʼgʼriyu gʼardan,
ming yillik pokiza qoningni bulgʼa.
Yuzingni ters burib bechoralardan,
qarsaklar ichida kun sayin ulgʼay.
Yoqangdan ilishsin:
“Аyt, nega jimsan?”
Xulosa qilishsin: "Toʼydirishgandir.
Tarixda boʼlganmi sendayin kimsa,
boʼlsa-da, pushtini kuydirishgandir?"
Eʼtibor bermagin ularga inim,
kaftingni siqqanday Xoʼjai Xizr
unvonlar seniki,
minbar seniki,
seniki,
shaharning eng suluv qizi.
Bariga mardona jimliging sabab!
Аjabmas,
holinga achinib Egam
kirgizib yuborsa
jannatiga ham.
Faqat sen jim yasha –
Hammasi goʼzal!
© Jontemir
Nukta
October 9, 2025 5.5K 16 37