“Daraxt bir joyda ko‘karadi”
Bu gapni ko‘p eshitganmiz. Oldin bunga hech qanday shubhasiz ishonardim. Go‘yoki qayerda bo‘lsang ham, agar yetarlicha harakat qilsang, baribir o‘sasan, baribir nimagadir erishasan.
Lekin vaqt o‘tib, biroz chuqurroq o‘ylab qarasam, bu fikr unchalik ham to’g’ri emas ekan.
Daraxt aslida har qanday joyda ko‘karmaydi. U to‘g‘ri joyda ko‘karadi. Unumdor tuproq, yetarli quyosh, suv — bularsiz daraxtdan kuchli o‘sish kutish qiyin. Hatto eng yaxshi urug‘ ham noto‘g‘ri sharoitda sekin o‘sadi yoki umuman nobud bo‘lishi mumkin.
Shu narsani hayotimizga qo‘llasak, hammasi yanada tushunarli bo‘ladi.
Ba’zida biz o‘zimizni ayblaymiz:
“Yetarlicha harakat qilmayapman”
“Boshqalar qilyapti-ku, nega men qila olmayapman?”
“Demak, muammo mendadir”
Lekin har doim ham muammo o‘zimizda bo‘lavermaydi.
Agar sen o‘zingni tushunmaydigan, qadrlamaydigan, seni pastga tortadigan muhitda bo‘lsang — qanchalik harakat qilma, o‘sishing sekinlashadi. Sen charchaysan, motivatsiyang yo‘qoladi, hatto o‘zingga bo‘lgan ishonching ham kamayadi.
Bu esa “sen yetarli emassan” degani emas.
Bu shunchaki — sen noto‘g‘ri joydasan, degani.
To‘g‘ri muhit esa boshqacha ishlaydi. U seni qo‘llab-quvvatlaydi, rivojlanishingni tezlashtiradi, o‘zingga bo‘lgan ishonchingni oshiradi. Ba’zida esa sen o‘zing ham sezmagan imkoniyatlarni ochib beradi.
Shuning uchun ba’zida birinchi qadam — “men qayerdaman o‘zi?” deb o‘zingga rostini aytish. Va yangi narsalarni sinab ko‘rishdan qo‘rqmaslik kerak. Turli muhitlarni ko‘rib chiqish, o‘zingga mosini izlash normal holat.
Chunki faqat sinab ko‘rganingda bilasan: qayer seni o‘stiradi, qayer esa ushlab turadi.
Va eng muhimi — o‘sish har doim ko‘proq urinish emas, ba’zida to‘g‘ri joyni topish ham.
Xullas haqiqat shuki:
daraxt bir joyda emas — to‘g‘ri joyda ko‘karadi.