Hozirgi kunda Birlashgan Arab Amirliklarida yashaganim uchun boʻlsa kerak, shu mavzu haqida bir oz oʻylab qoldim. Amirliklar aholisining 90 foizdan ortigʻi – kelgindilar. Oʻzbekiston esa xorijliklarga deyarli vaqtincha yashash huquqini bermaydi (amalda deyarli imkonsiz), Amirliklar esa buni osonlikcha taqdim etadi. Shu bois, Amirliklardagi aksar biznes egalari, kutilganidek, chet elliklar; mahalliy aholining asosiy qismi esa ko‘proq davlat idoralarida faoliyat yuritadi.
Dunyoning har turli burchagidan kelgan odamlar oʻz biznesi va tijoratini rivojlantirib, Amirliklarni boyitishga hissa qoʻshib kelishyapti. Ular orasida eng koʻp migrantlar Janubiy Osiyodan – masalan, Hindiston, Bangladesh, Pokistondan. Baʼzan tijoriy muassasalarda oʻz tillarida ham yozishmalarini koʻrish mumkin. Masalan, doʻkon peshlavhasida arabcha va hindcha, yoki koʻpincha arabcha va inglizcha kombinatsiyasi. Doʻkonga yoki korxonaga kirsangiz, oʻsha yerda arabcha bilmaydigan odam bo‘lishi hech gap emas (qaysi turdagi biznes yoki ishlab chiqarish ekaniga bogʻliq). Xitoy tilida yozuvlar ham uchrab turadi. Masalan, bir safar o‘zbek oshxonasiga kirganimda menyu rus va ingliz tillarida edi, arabcha versiyasi koʻzga tashlanmadi (balki bordir, lekin men koʻrgan paytda faqat shu ikki tilda edi). Shahar koʻchalarida har bir millat, irq va din vakillari hech qanday cheklovsiz, oddiy tijoriy faoliyatda qatnashayotganini koʻrasiz. Koreyscha taomxonada ham, Efiopcha taomxonada ham boʻldim – ikkisida ham asosan oʻsha millatning vakillari ishlaydi, oʻsha millat vakillari ovqatlanadi, mahalliylar deyarli uchramaydi. Qarasangiz, hammasi mamnun, tinch va farovon.
Singapur va AQSh kabi rivojlangan boshqa davlatlarda ham chet ellik biznesmenlar, ishchilar va mehnat muhojirlari yaxshi qabul qilinadi. Oʻzbekistondagi ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim mulohazalarni koʻrib esa, rosti, buni ruslarning oʻzbeklarga qilgan ayrim kamsitishlariga oʻxshatib yubordim. Masalan, biz ham xitoylik yoki hindistonlik ishchilar va tadbirkorlarga qarshi xuddi oʻzimizga nisbatan qilinadigan munosabatni qilayotgan emasmizmi? Rossiyada oʻzbeklar uy-joyni ijaraga olish yoki sotib olishda diskriminatsiyaga uchrayotgani, “faqat slavyanlarga” kabi eʼlonlar borligi aniq. Shunga oʻxshash chaqiriqlarni men yurtimizdagi ijtimoiy tarmoqlarda ham koʻrdim: “chet ellik, masalan, xitoyliklarga mol sotmang, ijaraga bermang,” kabi. Bunday xatti-harakat nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki axloqiy jihatdan ham xunuk ish.
Bu diskriminatsiyaga undayotganlarning mantiqini tushunmayman. Nimadan qoʻrqishyapti, nima asosga tayanyapti oʻzi? Xitoyning tashqi siyosatini tanqid qilishga ehtiyoj bordir – bu yerda ham Uygʻurlar bilan bogʻliq juda ayanchli masalalar haqida bir necha bor yozganman. Albatta, bu hukumat darajasida qilingan yomon ishlar. Ammo xitoylik tadbirkorlar yoki ishchilar Oʻzbekistonga kelishidan tahdid koʻrayotganlar, menimcha, Oʻzbekiston xavfsizligi haqida jiddiy o‘ylamayapti. Mamlakat qanchalik qoloq va kambagʻal boʻlsa, uni bosib olish shunchalik oson. Xitoy oʻzi ham oʻrta asrlardan keyin yopiqlik siyosatini yuritib, portlarini yopganidan keyin, ancha kichik Yevropa davlatlari tezda uni bosib olishga muvaffaq boʻlgan. Agar vatan kelajagi va uning xavfsizligi haqida qaygʻursak, birinchi navbatda iqtisodiy va texnologik qoloqlik ustida ishlashimiz kerak. Qoloqlikning sabablarini aniqlab, ularga barham berish yoʻllarini izlashingiz lozim. Xitoy ham Maoning oʻlimidan soʻng dunyoga yuz tutdi; har tarafdan tijoratchilar kelib, uni rivojlantirishdi.
Forwarded fromIqtisodchi Kundaligi
5
2
1March 11, 2025 590