Kimni insonlar kuchli deb hisoblaydi bilasizmi? Nima ish qilishidan… — Dr. Tohirjon | blog — TG.ME

Forwarded fromUZUzlat
Kimni insonlar kuchli deb hisoblaydi bilasizmi?

Nima ish qilishidan qat‘iy nazar fikrida, maqsadida sobit bo‘lib, qat'iyat bilan olg‘a boradiganlarni. Masalan, oddiy tibbiyot oliygohi talabalari nuqtayi nazaridan aytsam. Biz tibbiyot talabalarida quyidagi zaruriy ishlarimiz bor:
- tibbiy fundamental fanlarni mukammal o‘rganish(7-8 fanlardan juda ko‘plab turli tillardagi kitoblar va konspekt, video darslar , siqilishlar va charchoqlar bilan)
- klinik fanlarni va klinik amaliyotni o‘rganish(bu degani kasalliklarni o‘rganish, bemorni amaliy ko‘rish, diagnozlash , davolash kabilar. bu maqsadda yuzlab kitoblar ko‘rilsa ham oz, qancha bilim bo‘lsa uni ustiga yana kerak, chunki inson hayoti o‘yinchoq emas!);
- Har bir Musulmon uchun zarur bo‘lgan zaruriy diniy bilimlarni o‘rganish, ruhiy yuksalish, Qalblar tabobatini Tana tabobati bilan birga olib borish;
- Dunyoqarashni kengaytirish uchun turli badiiy, falsafiy asarlar o‘qish, keraklicha siyosiy-ijtimoiy bilimlarga ega bo‘lish;
- Chet tilini o‘rganish;(buni hozirda 1-o‘ringa qo‘ysa ham bo‘ladi. Qaysi chet tili deyilsa Rus, Ingliz, Nemis[germaniyaga borish maqsadi borlar uchun], Arab tillari. Imkon bo‘lsa barini o‘rganish kerak.)
- Jismoniy tarbiya;(shifokor uchun avvalo o‘z sog‘lig‘i, chiniqqanligi ham muhim);

Bu ishlarni barchasi zarur. Ammo barchasiga birdaniga olib borish qiyinchilik tug‘diradi albatta. Endi kuchli talaba nima qiladi, yuqoridagilardan ayrimlarini boshlaydi va o‘sha boshlagan ishida qat‘iyat ko‘rsatib oxirigacha boradi.(har kuni bajariladigan, butun hayot davomida zarurlari ham bor) Masalan, 6-10 oy davomida ingliz tilini o‘rganmoqchimi shu ishga sho‘ng‘ib, mukammal tarzda o‘rganadi. Shu ishga sarflagan vaqtiga achinmaydi, boshqalar manabu fanni o‘qib tashlayapti, men ulardan ortda qolib ketdim demaydi. Aynan shu ingliz tilini mukammal o‘rganadi. Ko‘ribsizki, ma‘lum vaqtdan keyin shu qat‘iyatli talaba eng kuchli bo‘ladi. Yutuqlarning siri, sizning boshqalarga nisbatan emas o‘zingizga nisbatan muntazam o‘sishingizda. Kimdir hozir patologiyani mukammal o‘qiyotgan bo‘lsa, siz ham shunday qilishingiz shart emas. Siz 3 oy ta‘tilda Diniy ta'lim, yoki 50 ta badiiy asar yoki bittagina fanni mo‘ljalladingizmi shu ishda sobit turing. Shunda o‘zingizga ham ishonchingiz ortib boradi , atrofdagilar ham sizni Qat‘iyatli va bilimli inson sifatida hurmat qilisha boshlaydi. Eslataman, eng muhimi Qat‘iyat va shoxdan shoxga sakrayvermaslik, boshqalarga qarab ular bilan o‘zingizni qiyoslayvermaslik va to‘xtamaslik. Ishoning bu bilan siz Insoniyat uchun katta foydasi tegadigan inson bo‘la olasiz.

P.S. Alloh hammamizga qat‘iyatli bo‘lishligimizni, boshlagan ishlarimizni yakunlashni nasib aylasin. Bu post qisqacha kuzatishlarim asosida. Xatolari bo‘lsa uzr.
October 23, 2025 631 10