Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy bilan birgalikda Qatar Islom san’ati muzeyida tashkil etilgan “O‘zbekiston: harakatdagi meros” ko‘rgazmasining ochilishida ishtirok etdi.
Ekspozitsiyadan O‘zbekiston muzeylari hamda Qatar kolleksiyalaridan o‘rin olgan noyob eksponatlar joy olgan. Unda islomdan avvalgi davrdan Somoniylar va Temuriylar davriga, shuningdek, bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi osori-atiqalar, an’anaviy hunarmandchilik va to‘qimachilik san’ati namunalari namoyish etilmoqda.
Shuningdek, qatarlik yetti nafar hunarmandning Toshkent, Samarqand va Buxoroga ijodiy safari yakunlariga bag‘ishlangan “Ektashif O‘zbekiston” ko‘rgazmasi ham o‘z ishini boshladi. Unda o‘zbek madaniyati va an’analaridan ilhomlangan zargarlik buyumlari, xattotlik namunalari, gilamlar hamda fotosuratlar taqdim etilgan.
Mazkur ko‘rgazmalar Qatar aholisi va mehmonlarini O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, O‘zbekiston-Qatar madaniy aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.







